Yoshlar akademiyasi – innovatsion kelajak binokorlari

2019-yilning sentyabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi tashkil etilgan boʻlib, ushbu akademiyaning asosiy maqsadlaridan biri respublikamizning barcha hududlaridagi iqtidorli yoshlarni izlab topish hamda ularni mamlakatimiz taraqqiyoti uchun muhim boʻlgan sohalar boʻyicha amalga oshirayotgan loyihalarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash uchun barcha zaruriy shart-sharoitlar yaratishdan iborat. Yuqoridagi maqsadlarga erishish uchun Yoshlar akademiyasi tomonidan respublikaning barcha hududlarida 20 dan ortiq targʻibot tadbirlari olib borildi, shuningdek 10 dan ortiq tanlovlar tashkil etildi. Ushbu ishlar natijasida hozirgi kunga kelib Yoshlar akademiyasining aʼzolari 1100 nafardan oshdi.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan yaratilgan imkoniyatlardan foydalanib kelayotgan, oʻzlarining innovatsion va amaliy ishlanmalari bilan yoshlar orasida namuna sifatida samarali faoliyat yuritib kelayotgan Yoshlar akademiyasining eng faol va tashabbuskor jamoalari “Just Robotics”, “Lotus Engineering” va “Carwon” startap kompaniyalaridir.

“Just Robotics” startap kompaniyasi 2017-yilda faoliyatini boshlagan boʻlib, joriy yilnng yanvar oyida Yoshlar akademiyasining “Biznes vakillari” platformasi aʼzoligiga qabul qilingan. Ushbu jamoa robototexnika, elektronika va dasturlash yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim berish bilan birgalikda bir qancha innovatsion ishlanmalar bilan respublika hamda halqaro miqyosidagi tanlovlar va koʻrgazmalarda ishtirok etib, koʻplab yutuqlarga erishgan. 2019-yili Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eʼlon qilingan startaplar tanlovida “Tugʻma qoʻlsiz va hayoti davomida qoʻli amputatsiyaga uchragan nogironlar uchun bionik protezlar” loyihasi bilan qatnashib, gʻolib boʻldi. Hozirda ushbu kompaniyada 7 ta ish oʻrin yaratilgan va iqtidorli yoshlar jalb qilingan. “Just Robotics” jamoasi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishga oʻz hissasini qoʻshish maqsadida oʻpkani sunʼiy shamollatish apparatlari uchun maxsus oksigenatsiya niqoblari, bakterial-viral filtrlar va Venturi klapanlar ishlab chiqib, sogʻliqni saqlash tizimiga joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Yoshlar akademiyasining yana bir aʼzosi “Lotus Engineering” startap kompaniyasi uy sharoitida kiyimlar, bolalar oʻyinchoqlari va boshqa uy-roʻzgʻor buyumlaridagi bakteriya va hidlarni bartaraf etishga moʻljallangan “CleanBox” qurilmalarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Ushbu loyiha Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan eʼlon qilingan Startaplar tanlovida qatnashib, gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. Qurilmaning ishlash prinsipi sodda boʻlib, buyumlarni qurilma ichiga solib bitta tugmachani bosish kifoya, qurilma avtomatik tarzda buyumlarni turli xil virus va bakteriyalardan zararsizlantirib beradi.

Yoshlar akademiyasining tashabbuskor jamoalaridan biri boʻlmish “Gʻoyalar generatori” platformasi aʼzosi “Carwon” jamoasi asosan elektronika sohasida innovatsion loyihalar ishlab chiqish bilan shugʻullanadi. Hozirgi kunga qadar jamoa tomonidan 6 taga yaqin loyihalar ishlab chiqilgan. Jumladan, avtomobillarni xavfsizligini taʼminlash maqsadida “Android” tizimida ishlash imkoniyatiga ega “Carwon smart security system” mobil ilovasi ishlab chiqilgan. Shuningdek, xona havosini almashishini taʼminlovchi “Smart fan system” tizimi, “Aqlli uy” xonadonlarning innovatsion dizayni kabi loyihalar yaratildi.

Mazkur loyihalar Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Yoshlar akademiyasi aʼzolarining ilk loyihalaridir. Davlatimiz tomonidan yoshlarga berilayotgan eʼtibor, ularning tashabbuslarini hayotga tatbiq etishda koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik yangidan-yangi gʻoyalarning amalga oshishiga turtki bermoqda. Yoshlarimiz – Yangi Oʻzbekistonning yaratuvchilari, buguni va kelajagidir, ular innovatsiyalar va texnologiyalar yurtimiz kelajagini, aholimiz hayotini, boringki har birimizning kundalik yashash sharoitlarimizni o’nglashga qodir ekaniga ishonadi va bu yoʻlda tinmay mehnat qilishga tayyor. Yuqorida tilga olingan uchta yosh jamoaning faoliyati ham bunga yaqqol misoldir.

Firdavs Neʼmatzoda
Innovatsion rivojlanish vazirligi boshqarma boshligʻi