Yoshlar mamlakatning mustahkam tayanchidir

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 2017-yil 30-iyun kuni tashkil etilgan edi. Bu mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga koʻtarish, yoshlar hayoti, ularning kelajagi uchun yangi sahifa ochilishida muhim ahamiyat kasb etdi. Eʼtiborlisi, 30-iyun Oʻzbekiston tarixida ilk marotaba Yoshlar kuni etib belgilandi.

Oʻtgan uch yillik davrga nazar tashlaydigan boʻlsak, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi va amaliy koʻmagi asosida Yoshlar ittifoqi faoliyatiga doir jami 50 ta qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi. Natijada mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishda mutlaqo yangi tizim yaratildi.

Yoshlar ittifoqiga oʻz vazifalarini bajarishi, yigit-qizlarimiz chin dildan intiladigan kuchli tashkilotga aylanishi uchun zarur huquqiy va amaliy vakolatlar, tegishli imtiyozlar yaratib berilmoqda.

Bugun Yoshlar ittifoqi davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda mamlakatimizda “Yoshlar – kelajak bunyodkori” shiori ostida professional faoliyatni samarali amalga oshiradigan zamonaviy tuzilmaga aylandi.

Yoshlarga oid davlat siyosatini izchil va samarali amalga oshirish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari boʻyicha komissiyasi, Qonunchilik palatasi huzurida “Yoshlar klubi” tashkil etildi.

Ittifoq faoliyatiga yaqindan koʻmaklashish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri raisligida, hududlarda esa hokimlar raisligida Yoshlar masalalari boʻyicha idoralararo kengashlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

56 nafar yosh “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti, 28 nafari esa “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi

2018-yildan boshlab oliy taʼlim muassasalarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha prorektori lavozimi oʻrniga yoshlar bilan ishlash boʻyicha prorektori lavozimi joriy etildi.

Faol yoshlar tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida Yoshlar ittifoqi qoshida 28 yoʻnalishda nodavlat notijorat tashkiloti tuzilib, faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Markazda va joylarda viloyat, tuman va shahar hokimlari, sud, prokuratura, adliya, ichki ishlar organlari, sogʻliqni saqlash, xalq taʼlimi tashkilotlari rahbarlarining yoshlar bilan doimiy muloqoti yoʻlga qoʻyilib, ular kelajak bunyodkorlari oldida hisobot berib bormoqda.

Turli sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan, yuqori natijalarga erishib, tengdoshlariga oʻrnak boʻlayotgan yigit-qizlarni ragʻbatlantirish maqsadida “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti va “Kelajak bunyodkori” medali taʼsis etildi. Yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan vatanparvar va fidoyi yoshlarning 37 nafari “Doʻstlik” ordeni va “Shuhrat” medali, 56 nafari “Mard oʻgʻlon” davlat mukofoti, 28 nafari esa “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi.

Oʻtgan qisqa davrda Yoshlar ittifoqi tashkiliy-tuzilmaviy jihatdan ancha takomillashdi. Tashkilot oʻz faoliyatini maqsadli rivojlantirish, xalqaro aloqalarni kengaytirish, yoshlarning qiziqish va intilishlaridan kelib chiqqan holda turli soha va yoʻnalishlarda tarmoq tashkilotlar ishini yoʻlga qoʻyish, butun tizimning harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan boshlangʻich tashkilotlar taʼsirini mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Ayni paytda Ittifoqning 21 mingdan ortiq boshlangʻich tashkiloti faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, ular 7 million 689 ming nafardan ziyod yoshni birlashtirgan. Yoshlar ittifoqi boshlangʻich tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha 186 ta vazirlik, idora va tashkilotlarda Yetakchilar kengashlari tashkil etildi. Boshlangʻich tashkilot yetakchisi lavozimi uchun alohida shtat birligi ajratilib, maqomiga koʻra rahbarning yoshlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari yoki maslahatchisi lavozimiga tenglashtirildi.

Tizimda faoliyat yuritayotgan 696 nafar xodim yuqori lavozimlarga koʻtarildi

Yoshlar qatlamlarini muntazam ravishda qoʻllab-quvvatlash faoliyatimizning asosiy yoʻnalishini tashkil etganini quyidagi raqamlar ham koʻrsatib turibdi. Jumladan, 2018-2019-yillarda respublika boʻyicha Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni oʻtab, harbiy qismlar qoʻmondonligining tavsiyanomasiga ega boʻlgan, oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-shartnoma asosida taʼlim olayotgan jami 12 ming 897 nafar talaba-yosh shartnoma toʻlovining 35 foizi jami 36,2 milliard soʻm mablagʻ toʻlab berildi.

2018-2019-yillarda oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistratura yoʻnalishlarida tahsil olayotgan talabalar orasidan oʻrtacha oʻzlashtirish koʻrsatkichi 86 foiz va undan yuqori boʻlgan, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining faol aʼzosi boʻlgan jami 3 ming 488 nafar talaba-yosh shartnoma toʻlovining 35 foizi jami 9,88 milliard soʻm mablagʻ toʻlab berildi.

Tizimda kamida 2 yillik mehnat stajiga ega boʻlgan fidoyi, yetakchilik qobiliyatini namoyon etgan, vatanparvar, yurt kelajagiga daxldorlik hissi bilan yashaydigan mehnatsevar yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida oliy taʼlim muassasalariga imtiyozli qabul qilish boʻyicha tavsiyanomalar berish yoʻlga qoʻyildi. Har yili Respublika komissiyasi xulosasiga koʻra, 14 nafar yosh ana shu imkoniyatdan foydalanib, imtiyozli ravishda talaba boʻlyapti.

Ittifoq tizimida yosh kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash yoʻnalishida ham muayyan ishlar qilindi. Mamlakatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy hamda yoshlarga oid davlat siyosatini chuqur oʻzlashtirgan, istiqbolli kadrlardan 8 nafari hududlarda hokim oʻrinbosari lavozimlariga tayinlandi.

Umumiy hisobda “sotsial lift” tushunchasi Yoshlar ittifoqi tizimida faoliyat yuritayotgan 1 ming 640 nafar xodim faoliyatida oʻz aksini topdi. Ittifoq tizimida faoliyat olib borayotgan xodimlarining 696 nafari yuqori lavozimlarga koʻtarildi.

2 ming 668 ta yosh oilaga “Yoshlar uylari” topshirildi

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tizimida yigit-qizlar bilan muntazam muloqotni yoʻlga qoʻyish maqsadida “Yoshlar qabulxonalari” tashkil etildi.

Ittifoq tashkil topgandan buyon yoshlar bandligini taʼminlash masalasiga ustuvor vazifa sifatida qaralib, oʻtgan davr mobaynida 560 ming 179 nafar yosh bandligini taʼminlashga koʻmaklashdik. Xususan, 2017-yili 28 ming 760 nafar, 2018-yili 46 ming 62 nafar, 2019-yili 360 ming 197 nafar yoshni ish bilan taʼminlashga erishildi.

Yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha 2020-yilga moʻljallangan “Manzilli reja”ga koʻra, roʻyxatga olingan 407 ming 23 nafar 18-30 oraligʻidagi ishsiz yoshdan 303 ming 388 nafarining bandligini taʼminlash belgilab olingan edi. Joriy yilning 1-may holatiga 139 ming 198 nafar yigit-qiz bandligi taʼminlandi.

Alohida qayd etish lozimki, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, ularni ijtimoiy himoya qilish davlatimiz uchun hamisha ustuvor masala boʻlib kelgan. Chunki bu – zamon talabi. Shu nuqtayi nazardan oʻtgan davr mobaynida “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 7 ming 243 ta biznes loyihaga jami 1 534,7 milliard soʻm miqdorida imtiyozli kredit mablagʻlari ajratish orqali 33 ming 107 ta yangi ish oʻrini yaratilishiga erishildi.

Jumladan, Davlat dasturi doirasida ishlab chiqarish sohasida 639,3 milliard soʻmlik 3 ming 102 ta, xizmat koʻrsatish sohasida 487,8 milliard soʻmlik 2 ming 330 ta, qishloq xoʻjaligi sohasida 269,3 milliard soʻmlik 1 364 ta loyiha realizatsiya qilindi. Shuningdek, yoshlarning 30,2 milliard soʻmlik 57 ta loyihasiga Jamgʻarma kafilligi taqdim etilib, ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashlariga koʻmaklashildi.

Hududlarda 25 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari hamda 155 ta “Yoshlar mehnat guzari” komplekslari foydalanishga topshirilib, ularda jami 2 ming 122 ta yangi ish oʻrini yaratildi.

Hunarmandlik yoʻnalishidagi tadbirkor yoshlar, ayniqsa, qizlarning kasanachilik bilan band boʻlishi uchun qulay sharoit yaratish maqsadida boʻsh turgan obyektlardan imtiyozli shartlar asosida joy ajratilib, mini-texnologiyalar, asbob-uskuna va zarur jihozlar oʻrnatib berilyapti. Jumladan, yosh hunarmandlarga xomashyo sotib olish uchun kreditlar ajratilib, oʻz biznesini boshlagan yosh tadbirkorlar tomonidan Pensiya jamgʻarmasiga toʻlanadigan sugʻurta badalini olingan kreditlarni qoplashga yoʻnaltirish tizimi joriy etildi.

2017-2019-yillar davomida 2 ming 668 ta yosh oilaga “Yoshlar uylari” berilib, 121 milliard 244 million soʻm miqdorida boshlangʻich toʻlov mablagʻlari 20 yil davomida foizsiz qaytarish sharti bilan toʻlab berildi.

710 nafar qilmishidan pushaymon boʻlganlar “Yoshlar ittifoqi kafilligi” asosida sud zalidan ozod qilindi

Yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni keskin kamaytirish, ularning huquqiy bilimlarini mustahkamlash maqsadida “Qonun va adolat – ustuvor, jinoyatga jazo – muqarrar” prinsipi asosida targʻibot tadbirlari oʻtkazildi.

2019-yildan boshlab, voyaga yetmaganlarning huquqiy, siyosiy savodxonligini oshirish maqsadida “Yoshlar va qonun” respublika tanlovini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Tanlovda 8 ming 973 ta taʼlim muassasalaridagi 1 million 987 ming 586 nafar maktab oʻquvchisi ishtirok etdi.

Yoshlar ittifoqi faollaridan iborat 443 ta “Jasorat” klublari faoliyati yoʻlga qoʻyildi, ularda 8 ming 636 nafar aʼzo faoliyat yuritmoqda. “Jasorat” klublari tomonidan voyaga yetmaganlar va yoshlar oʻrtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida koʻplab reydlar oʻtkazilgan.

Yakka tartibdagi profilaktik tadbirlar natijasida, sogʻlom turmush tarziga qaytganligi uchun 6 ming 383 nafar voyaga yetmaganlar va 2 ming 944 nafar ota-onalar ichki ishlar idoralari profilaktik hisobidan chiqarildi.

Ichki ishlar organlari profilaktik hisobida turgan 7 ming 968 nafar voyaga yetmaganlar Yoshlar ittifoqi tavsiyasi asosida maxsus hisobdan chiqarildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi va Yoshlar ittifoqi markaziy kengashi oʻrtasida 2017-yil 5-dekabrda yoshlar masalalari sohasida oʻzaro hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi. Unga koʻra yoshlar tomonidan sodir etiladigan huquqbuzarlik va jinoyatlarga jazo tayinlashda Yoshlar ittifoqi kafolat xatiga asosan ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazo tayinlash mexanizmi joriy etildi.

Shunga muvofiq, oʻtgan davr mobaynida adashib jinoyat yoʻliga kirgan, sodir etgan jinoiy qilmishidan chin koʻngildan pushaymon boʻlgan 710 nafar yosh “Yoshlar ittifoqi kafilligi” asosida sud zalidan ozod qilindi.

Yoshlar ittifoqi tizimida yoshlar jinoyatchiligining oldini olish boʻyicha har oyning oxirgi 10 kunligida “Barchasi oʻz qoʻlingda!” targʻibot dekadasi loyihasi yoʻlga qoʻyildi.

Taʼlim muassasalari, korxona va idoralar, harbiy qismlarda, fuqarolar yigʻinlarida “Yoshlar salbiy illatlarga qarshi”, “Biz jinoyatchilikka qarshimiz”, “Yoshlar oʻrtasida beshta tashabbus”, “Deputat va yoshlar” kabi mavzularda targʻibot tadbirlari oʻtkazildi.

Oʻtgan uch yil davomida yoshlarning huquqlarini himoya qilish, ularni qiynayotgan muammolarini hal etish maqsadida “Hokim va yoshlar”, “Prokuror va yoshlar”, “Sud va yoshlar”, “Deputat va yoshlar” mavzularida ochiq muloqotlar oʻtkazilib, yoshlarning 38 mingdan ortiq muammolari ijobiy hal etilgan. Shuningdek, mahallalarda “Nuroniy va yoshlar” uch avlod uchrashuvlari tashkil qilinib, unda minglab yoshlar qamrab olindi.

Beshta muhim tashabbus – taraqqiyotning besh ildizidir

Buning uchun yoshlarimiz avvalo sogʻlom, innovatsion fikrlaydigan, axborot texnologiyalaridan samarali foydalanadigan va maʼnaviyati yuksak boʻlishi kerak.

2020-yilda yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish boʻyicha 124 ta vazirlik, idora va tashkilotlar bilan 2 ming 345 ta banddan iborat “Yoshlar dasturlari” ishlab chiqilib, imzolandi hamda dasturlar ijrosiga vazirlik, idora va tashkilotlar tomonidan 27,1 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hayotimizni keskin oʻzgartiradigan beshta muhim tashabbusni ilgari surdi. Albatta, bilimli, maʼrifatparvar, ruhan va jismonan sogʻlom yoshlar mamlakat taraqqiyotining garovi hisoblanadi. Yoshlarimizni madaniyat, sanʼat va sportga keng jalb etish, ularda zamonaviy axborot texnologiyalaridan toʻgʻri foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, xotin-qizlar bandligini taʼminlashdek muhim muammolar yechimiga qaratilgan beshta tashabbus zamirida ezgu niyat, ulugʻ maqsadlar yotibdi.

Beshta tashabbusni amalga oshirish boʻyicha ishlab chiqilgan strategiya dastlab Toshkent viloyatining Boʻka, Quyi Chirchiq tumanlari, Toshkent shahrining Uchtepa tumanida tajriba sifatida joriy etildi. Shuningdek, 42 ta tuman va shaharlarning 168 ta olis va ogʻir ahvoldagi mahalla fuqarolar yigʻinlarida bu tajriba muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi qoshida “5 tashabbus loyiha ofisi” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Agar tahlil qiladigan boʻlsak, bugungi kunga qadar beshda muhim tashabbus doirasida respublikamizdagi barcha tuman, shahar madaniyat markazlari va umumtaʼlim maktablarida yoshlarning qiziqishidan kelib chiqib, qoʻshimcha 1,5 mingta toʻgarak tashkil etildi. 6 ta madaniyat markazi, 9 ta sunʼiy qoplamali sport maydonchasi qayta taʼmirlandi. 15 ta sunʼiy qoplamali sport maydonchasi, 2 ta maktabda yangidan sport zallari qurilib, 41 tasining sport zali qayta taʼmirlandi. Respublikamizdagi 230 ta bolalar va oʻsmirlar sport maktabi hamda 7 ming 542 ta umumtaʼlim maktabiga umumiy qiymati 50 milliard soʻmlik 96 turdagi sport jihozlari, inventarlari va kiyimlari yetkazib berildi. Ijtimoiy obyektlarni yuqori tezlikdagi internet tarmogʻiga ulash maqsadida 4 ming 154 kilometr optik tolali aloqa liniyalari yotqizilib, mamlakatimiz hududlarida 25 ta Raqamli texnologiyalar oʻquv markazlari tashkil etildi. Hududlarga “Maʼrifat karvoni” tadbirlari doirasida 3 milliondan ortiq kitob yetkazib berildi. “Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida 59 ta nomdagi 590 ming dona badiiy adabiyot chop etilib, respublikamizdagi barcha taʼlim muassasalarining kutubxonalariga yuborildi. Xotin-qizlarning kasb koʻnikmalarini mustahkamlash, hayotda munosib oʻrin egallashi, ularni doimiy ish bilan band qilish maqsadida 2019-yil 75 ta tumanda 111 ta tikuv-trikotaj majmualari tashkil etilib, 35 ming nafar yosh ishga joylashtirildi. Xotin-qizlar uchun jami 170 mingga yaqin ish oʻrni yaratildi. Tijorat banklari va Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan 172 mingdan ortiq xotin-qizga 4,9 trillion soʻm kreditlar ajratildi. 21 ming 500 nafar qiz qisqa muddatli kasb-hunar kurslarida oʻqitildi.

“Dunyoda xalqlar ilm vositasi ila taraqqiy etadi”

Ayni paytda insoniyat murakkab pandemiya sharoitida, kutilmagan talotoʻplar zamonida yashamoqda. Koʻhna tarix guvoh, xalqimiz boshiga tushgan ne-ne sinovlarni aql-zakovati, sabr-bardoshi va mehnatkashligi bilan mardonavor yengib oʻtgan. Bugungi pandemiya sharoitida ham xalqimiz oʻzining ana shunday yuksak fazilatlari bilan jahonga namuna boʻlmoqda.

Misol uchun ayni paytda oziq-ovqat xavfsizligi masalasi eng rivojlangan davlatlarni ham oʻylantirib turgan bir vaziyatda mamlakatimizda “Har bir yoshga – bir gektar” loyihasi amalga oshirilmoqda. Yoshlarimizdan 64 ming 871 nafari joylarda mahalliy hokimliklar tomonidan ajratilgan jami 54 ming 232,5 gektar yerda dehqonchilik qilib, mamlakatimizda oziq-ovqat zaxirasini yaratishga katta hissa qoʻshmoqda. Yoshlarimizning mehnatga boʻlgan bunday munosabati, albatta, tahsinga sazovordir.

Shu oʻrinda koronavirus pandemiyasi butun dunyoni qamrab olgan bugungi murakkab sharoitda aholini ijtimoiy muhofaza qilish tadbirlarini amalga oshirishda Yoshlar ittifoqining koʻngilli yoshlar guruhlari munosib hissa qoʻshganini taʼkidlash lozim.

Ular koʻmagi bilan respublika boʻyicha jami 14 mingta oilaga 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. 870 nafar koʻngillilar “Call-markaz”larda aholi murojaatlarini qabul qilish bilan shugʻullandi.

“Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyib, rivojlangan yosh tadbirkorlar tomonidan 3 milliard soʻmga yaqin xayriya va homiylik yordamlari koʻrsatildi.

Shuningdek, “Sardoba” suv ombori toshqinidan talafot koʻrgan oilalar xonadonlarini yangidan tiklash va ular uchun sogʻlom yashash sharoitlarini yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarga hamda hududlardan kelayotgan xayriya mahsulotlarini tartibli joylashtirish ishlariga Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining ming nafarga yaqin volontyori koʻmaklashmoqda.

Bugun jonajon Oʻzbekistonimiz oʻzining yangi tarixiy taraqqiyot bosqichida turibdi. Buyuk ajdodimiz Mahmudxoʻja Behbudiy taʼkidlaganidek, “Dunyoda xalqlar ilm vositasi ila taraqqiy etadi. Asir va zabun boʻlganlar esa ilmsizlikdan”. Shu maʼnoda koʻzlangan eng oliy maqsadlarga erishish yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor yoshlarimizning bugungi saʼy-harakatiga, fidoyiligiga bogʻliq. Chunki endi nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyoda eskicha tartib-tamoyillar bilan yashab boʻlmaydi. Buyogʻiga yangi gʻoya va innovatsiyalar davri boʻladi. Innovatsiyalarni esa yosh avlod hayotga tatbiq etadi.

Alisher SAʼDULLAYEV,

Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi

markaziy kengashi raisi,

senator.