OLIY TA’LIM VAZIRLIGI: tarix fani olib tashlanishi bo‘yicha fikrlar mavjud, lekin hali bu bo‘yicha vazirning buyrug‘i chiqmagan

Ijtimoiy tarmoqlarda oliy ta’lim muassasalaridan tarix fani darsligi chiqarib tashlanayotgani haqida turli xil fikrlar bildirilmoqda.

Tarixchi olima Shohistaxon O‘ljaeva “Oliy ta’lim muassasalarida «O‘zbekiston tarixi» fanini o‘tish yoki undan voz kechish kerakmi?” sarlavhali maqolasini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan.

Unda “Yaqinda bildikki, nomutaxassis yo‘nalishlaridagi oliy ta’lim muassasalari o‘quv yuklamalaridan «O‘zbekiston tarixi» fani olib tashlandi”, degan fikr bayon etilgan.

“O‘z tarixini bilgan va undan quvvat olgan inson hech qachon o‘z yurtiga xiyonat qilmaydi. Uni takror o‘qitish bizga faqat va faqat foyda keltiradi. Uni eslatadi, ongni charxlaydi. Men qiziqish bilan boshqa respublikalardan o‘z vatanlari tarixlarini o‘tishlarini surishtirdim. Xususan Qozog‘istonda ham barcha nomutaxassis yo‘nalishlarda «Qozog‘iston tarixi» o‘tiladi.

Biz ko‘p narsalarda boshqalardan andoza olishga harakat qilib keldik, ammo milliy mentalitetimiz, bugungi global dunyodagi xavflarni, agar milliy tariximiz olib tashlansa yoshlar ongidan milliy o‘zlikni anglash hissiyotlariga putur yetishini, oradan 10-15 yil o‘tib o‘z vataniga emas, o‘zi yoki boshqalar foydasiga ishlaydigan, shu zaminni muqaddas, deb hisoblamaydigan yoshlar ko‘payib ketishi mumkinligini inobatga olmadik. Buyuk texnokratlar etishtiradigan davlatga aylanib qolmasak, deb qo‘rqaman. Agar tarixni tarixga mahkum etsak, yurak va qalb sohasida oqsab qolish xavfi paydo bo‘lib qolmaydimi?”

Olimaning bu dolzarb ahamiyatga molik mulohazalari ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan keng muhokama etilgan.

Tursunoy Hamroqul qizi «Xalqning kelajagi porloq bo‘lsin, millat yo‘qolmasin, degan har qanday progressiv inson bu fan o‘qitilishini talab qilib bong ursin! Tarixni mensimaslik -ma’naviy ko‘rlikdir. Bu fanlarning o‘qitilishi ham qarz, ham farzdir!», deb yozgan.

Xayrullo Salomov esa «Tarixiy xotirasizlik loqaydlikni, manqurtlikni keltirib chiqaradi. Tarixni hech bo‘lmaganda umumiy tarzda bilish mutlaqo zarur! Siyosiy bilimlarni bilmay turib tuman, viloyat yoki katta korxona rahbarni tasavvur qilayapsizmi? Ijtimoiy yo‘nalishdan boshqa yo‘nalishlardagi oliy o‘quv yurtlaridan juda ko‘plab rahbarlar chiqishini o‘ylasangiz, bu kaltabinlikdan boshqa narsa emas», deb fikr bildirgan.

Bir necha kundan beri muhokamalar markazida bo‘lgan ushbu masalaga aniqlik kiritish uchun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi mutasaddilari bilan bog‘landik.

Vazirlikdan ma’lum qilishlaricha, oliy ta’lim tizimidagi o‘quv yurtlarining ayrim yo‘nalishlaridan tarix fani olib tashlanishi bo‘yicha fikrlar bor. Lekin hali bu bo‘yicha vazirning buyrug‘i chiqmagan.

Mas’ulning aytishicha, tarix fani barcha oliy o‘quv yurtlaridan emas, balki yarmiga yaqinidan olib tashlanishi mumkin.

Norgul Abduraimova, O‘zA