Sport — sog‘lik garovi

Yurtimizda sportni rivojlantirishga va yosh sportchilarni xalqaro miqyosdagi musobaqalarga tayyorlash, jismoniy salohiyati yuqori, ruhiy tetik sportchilarni tarbiyalashga katta e’tibor qaratilmoqda. Bundan tashqari, turli ziddiyatlar kuchayib borayotgan bugungi dunyoda yoshlarimizning ma’naviy immunitetini kuchaytirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish har qachongidan ham dolzarbroqdir.

Shu bois 2019-yil 19-mart kuni Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 5 ta muhim tashabbus ilgari surildi. Shulardan 2-tashabbus — yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-fevraldagi «Madaniyat va sport sohasida boshqaruv tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni mamlaktimiz sporti rivojida yangi davrni boshlab berdi. Farmonga binoan Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi tashkil qilindi. Aholi keng qatlamini sport bilan shug‘ullanishga jalb etish, jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalash, sport industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirish, shahar va tumanlarda ommaviy sport tadbirlari va musobaqalar o‘tkazish, milliy olimpiya qo‘mitasi sport turlari bo‘yicha federatsiyalar va assotsiatsiyalar bilan birgalikda iste’dodli sportchilarni tanlash, tayyorlash va mahoratini oshirish, kadrlar tayyorlash, sohaga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va xalqaro aloqalarni kengaytirish uning asosiy vazifalari etib belgilandi.
Hozirgi kunda respublikamizdagi barcha oliy ta’lim muassasalarida sport bilan shug‘ullanish uchun barcha shart-sharoitlar mavjud. Ushbu sharoitlardan unumli foydalanish, talabalarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish ishlari OTMlar e’tiborida.

Har bir yosh o‘z qiziqishidan kelib chiqib, muayyan sport turi bilan shug‘ullanadi. Men bugungi kunda keng ommalashayotgan fitness sporti bilan shug‘ullanyapman. Bunga qadar ham sportning boshqa turlari bilan shug‘ullanib, qator musobaqalarda ishtirok etganman. Xususan, 2010-yili Qo‘qon shahrida bolalar o‘rtasida taekwondo WTF yo‘nalishida o‘tkazilgan musobaqada 1-o‘rinni, 2014-yili Farg‘ona viloyatida sportning dafkundo, prof turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada 1-o‘rinni qo‘lga kiritganman.
Sport menga ham jismonan, ham aqlan va ruhan ko‘mak beradi. Ayni pandemiya davrida sport to‘garaklariga qatnashish, sport zallarida shug‘ullanish cheklangan. Biroq shunday bo‘lsa-da, sportchilar to‘xtab qolgani yo‘q. Ular o‘z uylarida muntazam jismoniy tarbiya bilan shug‘ullanib kelmoqda. Birgina Toshkent davlat sharqshunoslik universitetining o‘zida o‘qituvchi-talabalar o‘z uylarida sport bilan muntazam shug‘ullanib kelayotgani haqida 200 dan ortiq videorolik ishlangani kishini quvontiradi.

Akbarali OMONOV,
TDShU sharq filologiyasi fakultetining 1-kurs talabasi