Jamiyat rivojining hozirgi bosqichi ta’lim, fan va ishlab chiqarishning integratsiyasini hamda pedagogik innovatsiyalar va ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan yangi yondashuvlarni shakllantirish vazifasini yanada dolzarblashtiradi. Shu ma’noda, bugungi kunda tarix fanini o‘qitish va tarixchi mutaxassislarni tayyorlash borasida O‘zbekiston-Rossiya universitetlari o‘rtasidagi hamkorligini yanada mustahkamlash muhim sanaladi.
Kuni kecha Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining Tarix fakulteti va Milliy tadqiqotlar Tomsk davlat universiteti Tarix va siyosatshunoslik fakulteti bilan hamkorlikda “Rossiya-O‘zbekiston hamkorligi negizida qo‘shma ta’lim loyihalari” mavzusida onlayn xalqaro davra suhbati tashkil etildi. Tadbirda Buxoro va Qarshi davlat universitetlari professor-o‘qituvchilari, Yevrosiyo gorizonti (Tomsk) ekspert-tahlil markazi mutaxassislari va «Sibir-Yevroosiyo» ekspert klubi (Novosibirsk) ekspertlari ham ishtirok etdilar.
Davra suhbati ishrokchilarida O‘zbekistonda fan va ta’lim sohasida yoshlarga oid davlat siyosati, “Harakatlar strategiyasi” negizida O‘zbekiston oliy ta’lim tizimini modernizatsiyasi”, ilmiy izlanishlar va tadqiqotchilar bilan ishlarning samaradorligini oshirish, davlatning barqaror rivojlanishida fan va oliy ta’limning o‘rni, innovatsion ta’lim loyihalari borasida tajriba va ustuvor yo‘nalishlar, hujjat yuritish sohasida mutaxassislar tayyorlashda universitetlararo hamkorlik istiqbollari haqidagi ma’ruzalar qiziqish uyg‘otdi.
Anjumanda mutaxassislar tomonidan Arxeologiyada 3D tasvirlar qo‘llanishini haqidagi taqdimot ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston Milliy universiteti va Tomsk davlat universitetlari tarix fakultetlarining kafedralari, ilmiy va pedagogik salohiyati, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari to‘g‘risidagi batafsil ma’lumotlar anjuman ishtirokchilari tomonidan katta qiziqish bilan tinglandi.
Shuningdek, davra suhbatida Buxoro va Qarshi universitetlarining xalqaro ta’lim sohasidagi aloqalari va ularning samaradorligini oshirish yo‘llari haqida ma’ruzalar qilib berildi.
Onlayn xalqaro davra suhbati yakunida ishtirokchilar o‘rtasida fikrlar almashinuvi va muhokamalar bo‘lib o‘tdi, ularda hamkorlikni rivojlantirishning yo‘nalishlari, hamkorlikda ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish, ilmiy anjumanlar tashkil etish, hamkorlikda tayyorlangan ishlarni nashr etish, universitetlararo dissertatsiyalarni himoyasini tashkil etish, o‘qituvchilar va talabalar almashish masalalari muhokama qilindi.

O‘zMU Axborot xizmati