KARANTINDA KO‘CHMA KITOB YARMARKASI

“Kitob o‘qib, vaqtingizni mazmunli o‘tkazing!”. Milliy gvardiyaning Xorazm viloyati qo‘riqlash boshqarmasi tomonidan Urganch shahridagi mahallalarda o‘tkazilgan ko‘chma kitob yarmarkasi shunday nomlandi.
Inson doimo axborot va bilimga tashna. Kitob o‘qib, badiiy tafakkurini o‘stirishdan aslo charchamaydi. Shu bois kutubxona ilm va ziyo maskanidir. Ammo ayni karantin sharoitida kutubxonaga oshiqmasdan, uyda qolish maqsadga muvofiq.

– Fuqarolarning karantin qoidalariga amal qilib, o‘z uylarida mutolaa bilan shug‘ullanishini ta’minlash, ayniqsa, bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga ko‘maklashish maqsadida Milliy Gvardiya xodimlari kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar ishtirokida ko‘chma kitob yarmarkasini tashkil etdi. Aksiyadan turli nomdagi yuzlab badiiy va ilmiy-ma’rifiy asarlar, bolalar uchun ertak va qissalar, boshqotirmalar o‘rin oldi, – deydi Milliy Gvardiyaning Xorazm viloyati Qo‘riqlash boshqarmasi psixologi Xushnud O‘rozov.
Ko‘chma kitob yarmarkasi javoniga jahon va o‘zbek adabiyotining nodir namunalari joylashtirildi. Diniy-ma’rifiy mavzulardagi risolalar ham aholini e’tiborsiz qoldirmadi. Tadbirkorlar chegirmalar ham belgilagan bo‘lib, xaridorlar qulay narxlarda o‘zlari yoqtirgan kitoblarni sotib olishdi. To‘lovlar ham mijozlar xohlagan usulda amalga oshirildi.
Maktab o‘quvchilari ham o‘zlariga mos kitoblardan bahramand bo‘lishdi. Urganch shahrining “Navbahor” mahallasilik Mushtariy Erkinova ham o‘z uyidagi kitoblarni o‘qib bo‘lgan edi. Yarmarkada o‘zi sevgan kitoblardan sotib oldi.

Shohrux IBODULLAYEV