“O‘zMU: Biz birga yengamiz!”

Shunday shior bilan ish boshlagan ruhiy madad markazimiz
xizmatingizga tayyor!

Dunyoni tahlikaga solgan pandemiya balosi bahorning boshlarida yurtimizga kirib kelganida ko‘pichilikka u “o‘tkinchi dard”dek tuyulgandi.
Davlatimiz rahbari va hukumatimizning bu baloni bartaraf etish, xalqimiz salomatligini saqlashga qaratilgan qator qarorlari qabul qilindi. Karantin sharoitida aholini moddiy qo‘llab-quvvatlash, bemorlarga shoshilinch tibbiy xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
O‘zbekistonning bu boradagi sa’y-harakatlari dunyo hamjamiyati tomonidan ijobiy baholangani haqida ijtimoiy tarmoqlarda ham o‘qib yengil tortgan edik.
Taassufki, yurtdoshlarimiz orasida karantin tartib-qoidalariga yetarlicha e’tibor bilan qaramay, ko‘ra-bila turib ko‘cha-ko‘yda, jamoat joylarida yurganlar va eng achinarlisi, niqob taqmay (ko‘pincha, faqat iyagiga osib olib), qo‘l berib ko‘rishgan, hatto quchoqlashishlardan tiyilmaganlar ko‘payib ketdi… Natijada, koronavirus balosi yana urchib ketaverishiga “sharoit yaratib” qo‘ydik…
Koronavirus balosi biz tasavvur etgandan ancha xavfli ekan. Bu baloning navbatdagi to‘lqini shitob bilan yopirilayotganiga aslo befarq qarab bo‘lmaydi. Yana davom etayotgan karantin sharoitida har birimiz o‘ylab qadam tashlashimiz bag‘oyat zaruratga aylandi.
So‘nggi kunlarda vaziyat ancha og‘irlashgani, kasallik kamayish o‘rniga ko‘payib borayotganidan ko‘z yuma olmaymiz. Prezidentimizning videoselektor yig‘ilishlarida bu borada bildirgan fikrlarini har bir fuqaromiz mushohada qilib ko‘rmog‘i lozim.
Dard borki – uning da’vosi ham bor, albatta.
Har qanday dardning birinchi davosi – ruhiy tetiklik, hayotga umidvorlik, qalbda iymonu Yaratganning O‘zidan madad tilab yashashdir! Shunday kayfiyatdagi insonlarning qanchalik og‘ir dardlarni mardona yengib yashayotganlarini ko‘rib yuribmiz.
Eng yomoni – tushkunlik, umidsizlik, asabni egovlaydigan ming‘ir-ming‘iri bilan ruhan cho‘kishdir. Bunday bandalar virus yuqmasayam o‘z-o‘zidan “cho‘kib” ketishi hech gapmas.

Ayni paytda yurtimizda pandemiyaning navbatdagi to‘lqiniga qarshi kurash qizg‘in ketayotgan bir pallada ko‘p odamlar turli axborot oqimidan karaxt bo‘lib qolmoqda. Buning oqibatida shu kasallikka chalinish hollari ko‘paymoqda.
Aqliraso insonlar, qancha mutasaddilar, tibbiyot xodimlari barchani ogohlikka chaqiryapti. Lekin bu chaqiriqqa qancha odam astoydil quloq tutmoqda?
Nazdimizda, bu chaqiriqlarga quloq tutmay, beparvo yurganlar ko‘pchilikni tashkil etayotganga o‘xshaydi.
Ba’zilarda tushkunlik kayfiyati sezilmoqda.
Kimlardir dori-darmon to‘plash bilan ovora…
Shifokor tavsiyasiga quloq tutish o‘rniga ba’zi ijtimoiy tarmoqlardagi oldi-qochdi gaplarga ishonib, o‘zicha “davolanayotgan”lar ko‘paymoqda. Natijada ular o‘zlariga jabr qilishmoqda.
Ayrim irodasi bo‘shroq kimsalar “tarkidunyo qilish”gacha borayotgani kulgili hol emasmi?..
Odam degan o‘zini asrash, biror dardga chalingan taqdirda sog‘ayish yo‘lida olg‘a intilish o‘rniga ruhan “sinish”ga moyillik bildirib o‘tirishini qandoq tushunmoq kerak?
Biz ma’rifatparvar ziyolilarning asosiy vazifamiz – hayotimiz uchun juda dolzarb mavzularni aholi o‘rtasida targ‘ib-tashviq qilishdan iboratdir.
Shuni inobatga olgan holda Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti jamoasi:
“O‘zMU: Biz birga yengamiz!”
shiori ostida xalq ichiga quchoq ochib borishga azmu qaror qildi!
Albatta, xozirgi sharoitda “Quchoq ochish” faqat ijtimoiy tarmoqlar, telegram kanallari, televideniye, radio orqali amalga oshishini izohlashga hojat yo‘q.
O‘zMUning tajribali psixolog, sotsiolog, pedagog va boshqa yo‘nalishdagi mutaxassislari uzzu kun XALQ BILAN BIRGA!
Biz bu xayrli ishga birinchi galda O‘zbekiston Televideniyesi, shuningdek, “Zo‘r TV”, “Mening yurtim” kabi ko‘psonli muxlislariga ega bo‘lgan telekanallardagi fidoyi hamkasblarimizni taklif etamiz. Ularga o‘z uyimizda o‘tirgan holda telerolik, telesuhbatlarni tayyor holda yuborib turishimiz, onlayn suhbatlar o‘tkazishimiz mumkin.
Ikkinchisi, barcha radiokanallar bilan ham shunday hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyormiz.
Virtual olamda ham bu xayrli qadamlarimiz o‘z samarasini berishiga umid qilamiz.
Shu munosabat bilan:
“O‘zMU: Biz birga yengamiz!”
deb nomlangan madad markazimiz o‘z faoliyatini boshladi.
Markaz rahbari – O‘zMU Jurnalistika fakulteti dekani Mahliyo Sobirovna Mirsoatova! Telefon raqami: +998 90-8050863.
Markaz Ishchi va targ‘ibot guruhi a’zolari:
1. Nodir Xurramov +98911350646
2. Habibullo Rahmatov +998 97 4648712
3. Bobur Sultonov +998977229908
4. Abror Narziqulov +998 99 7270466
6. Ozoda Ro‘ziqulova +99899722 2907

Siz Markazga pandemiyaga qarshi kurash, bu boradagi zarur maslahatlar, shu mavzuda onlayn ko‘rsatuv, radioeshittirish, davra suhbatlari o‘tkazish yuzasidan murojaat qilishingiz mumkin.
Markazimiz rahbari kordinator sifatida bu boradagi barcha ishlarni to‘g‘ri tashkillashtirib, tegishli mutaxassilarni jalb etib berishga tayyor!
Marhamat, sog‘lom va baxtli hayot yo‘lida qo‘lni qo‘lga berib, ishga kirishdik, aziz yurtdoshlar!

To‘lqin ESHBEK,
“O‘zMU: Biz birga yengamiz!” guruhi a’zosi,
xalq deputatlari Olmazor tuman Kengashi deputati