Buxoroda dori-darmon zaxirasini yaratish uchun 9 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratildi

Joriy yilning 10 iyunida karantin talablari keskin kuchaytirilgach, Buxoroda aholi orasida dorixonalardagi tanqisliklar, zarur dori vositalarining yetishmovchiligiga oid shikoyat va e’tirozlar ko‘paydi.
“COVID-19” virusiga chalinish ko‘rsatkichi o‘sib borayotgan vaziyatda ergoferon, arbidol, atsiklovir, “S” vitamini – askorbin kislotasi, dekzametazon, azitromitsin, plakvinil, prednizolon, epinefrin, drotaverin, furosemid, geparin, paratsetomol, insulin kabi qator dori vositalariga talab va ehtiyoj keskin ortdi.
“Buxoro dori-darmon” MChJ 300 dan ortiq personal va 50 dan ortiq farmatsevt-mutaxassislar ko‘magida tanqislikning oldini olishga, dori zaxirasini yaratishga kirishdi.
Ma’lumotga ko‘ra, ayni kunlarda viloyat miqyosida “Buxoro Dori-darmon” bilan bir qatorda “Madadkor farm”, “Mirzamedsavdo”, “Bio stimul”, “Eximfarm” kabi MChJ maqomidagi ta’minotchi subyektlar, “Shoh Mirzo” yakka tartibdagi xususiy korxonasi imkoniyatlaridan foydalanilmoqda. Ularda talabgir bo‘lgan ampula, tabletka, aerozol, flakon shaklidagi bu dori-darmonlarni yetarlicha zaxiralash hamda shahar-tumanlardagi maxsus litsenziya asosida faoliyat ko‘rsatayotgan mavjud 202 ta dorixona va tibbiyot shoxobchasi orqali bemorlarga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.
“Buxoro dori-darmon” MChJ rahbari Dilmurod Ahatovga ko‘ra, kamida uch oylik dori-darmon zaxirasini yaratish talabi qo‘yilgan. Shu maqsadda zarur dorilar tanqisligiga barham berish maqsadida kelgusi oylar uchun har biri kamida 3 ming qutidan insulin, paratsetamol, vitamin-B, atrofin sulfat, novokain, kalsiy glyukonat, dekzametazon, geparin, shuningdek, noradrenalin, dofamin kabi jami 48 turdagi dori vositalarini zaxiralashga jiddiy kirishilgan.
– Farmatsevtik dori vositalari narxi qimmat. Masalan, meropenem dorisining o‘rtacha narxi 150 ming so‘m, furosemidning bir qutisi 60 ming so‘m, seftriakson-sulbaktam dorisining bir flakoni 55 ming so‘mga yetgan. Ko‘zlangan zaxirani yaratish uchun viloyatda 9 milliard 588 million 750 ming so‘m mablag‘ ajratilmoqda. Respublikadagi qator mahalliy ishlab chiqaruvchi farmatsevtik-ta’minotchi subyektlar hamda virusga qarshi dori vositalari xaridi uchun xorijiy korxonalar bilan shartnomalar tuzishga erishildi. Shu jumladan, dorixonalarda narx-navoni sun’iy ravishda oshirmaslik yuzasidan tushuntirish-targ‘ibot ishlari ham jonlantirildi, – deydi Dilmurod Ahatov.
Ma’lumot o‘rnida: pandemiya davrida Buxoro viloyati aholisining asosiy turdagi dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoji uchun 109 milliard so‘mlikdan ziyod dori vositalari yetkazib berilgan. Dorixonalar orqali 45 ming quti, ya’ni 2 milliard 64 million so‘mlik ergoferon, 160 million so‘mlik askorbin kislotasi (260 ming quti), 170 million so‘mlikdan ortiq azitromitsin (17 ming quti), 73 million so‘mlik arbidol (3 ming quti), 45 million so‘mlik atsiklovir (10 ming quti) va boshqa dorilar xaridorlarga sotilgan.

Laylo HAYITOVA