BUXOROLIK FRILANSER IT XIZMATLARINI DUNYO BOZORIGA CHIQARISH TARADDUDIDA

Frilanser kim?
U — erkin ishchi. Frilanser, asosan, bir martalik ish bajaruvchi yoki mavsumiy ishlarni bajarish uchun yollanuvchi shaxs hisoblanadi. Buyurtma asosida qaysidir ish yoki xizmatni muayyan haq evaziga, kelishilgan vaqt davomida amalga oshiradi. Xizmatiga xaridorlarni o‘zi topadi. Shuningdek, buyurtmachilar taklifiga asosan, ma’lum bir dasturiy ishni amalga oshiradi.

Buxorolik frilanser Saidravshan Shokirov o‘zi asos solgan “Monday Labs” dasturchilar maktabi orqali 2023-yilgacha olti mingdan ortiq dasturchi va dizayner tayyorlab, xorijga IT xizmatlarini eksport qilishni rejalashtirgan.
25 yoshli bu yigit Toptal.com Jahon frilanserlar dasturchisi sanaladi. U IT sohasida 10 yildan buyon ishlab kelmoqda. Hozirgacha 38 ta yirik loyiha ustida ish olib borgan.
Malakali, yetarlicha tajribaga ega Saidravshan 2020-yilning yanvar oyida “Monday Labs” akademiyasini, fevral oyida CRM – (Customer Relationship Management) Neo startapining birinchi versiyasini yaratdi. Mart oyidan boshlab, akademiya o‘z faoliyatini onlayn tartibda amalga oshirib kelmoqda. May oyida yangi loyiha — Bot Commerce startap ish jarayoni boshlangan.
U ayni paytda uchta dastur ustida ishlamoqda. Bulardan birinchisi — dasturchilar maktabi bo‘lib, u orqali yosh dasturchi va dizaynerlar tayyorlanadi. Ikkinchisi —Outsource, ya’ni chet el va ichki bozor uchun dasturlar tayyorlashdan iborat. Uchinchisi esa startaplar yo‘nalishida dasturlar yaratishni ko‘zda tutadi.
– Latviya buyurtmasi asosidagi “Global yaxta va katerlar ijara bozorini rivojlantirishga qaratilgan Boat.me”, “O‘quv markazlar boshqaruv sistemasi (O‘zbekiston) CRM Neo”, “Dunyo miqyosidagi Premium frilans (AQSh)ning Toptal.com” hamda “Bot Commerce dasturidagi elektron tijorat uchun savdo botlari yaratish platformasi” kabilar Outsource va startap loyiham doirasiga kiradi, — deydi frilanser.
“Monday Labs” akademiyasining ish boshlaganiga olti oy bo‘lib, shu davr ichida 832 soat dars o‘tilgan. 214 nafar o‘quvchi kursni tamomlagan.
– Ayni paytda yana 396 nafar o‘quvchi onlayn darslarda qatnashish istagini bildirgan. Yoshlarimizni maktab davridanoq ayni yo‘nalishga qiziqtira olishimiz, ularning yetuk mutaxassis bo‘lib, o‘z ustida ishlashiga yo‘l ochishimiz lozim. Maqsad — iste’dodli bolalarni to‘plab, dasturlashga o‘rgatish orqali ular va ish beruvchilar o‘rtasida aloqalarni mustahkamlash, lozim bo‘lsa, ular yaratgan dasturlarni O‘zbekiston bozorida targ‘ib etib, dunyo bozoriga olib chiqish, — deya so‘zida davom etadi Saidravshan.
Bugun juda ko‘p korxona va tashkilotlar IT texnologiyasi mutaxassislariga ehtiyoj sezmoqda. Faoliyatni keng tarmoqda dasturlashtirish korxona, tashkilot uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochsa, frilanser o‘z dasturlari orqali yirik miqdordagi mablag‘ga ega bo‘ladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur ishlarni bajarish uchun yuqori tezlikdagi internet va birja orqali tadbirkor takliflarini o‘zida jamlagan platforma bo‘lsa kifoya. U xorijga bormaydi — uyda o‘tirib, dastur tayyorlaydi va sotadi. Oddiy ishchidan eng kerakli mutaxassisga aylanish mumkin.
– Malakali va tajribali o‘qituvchilardan bilim olgan o‘quvchilarimiz asta-sekin xalqaro kompaniyalar bilan kichik loyihalari orqali shartnomalar tuzib, ishlashni boshlamoqda. 2023-yilgacha olti ming nafardan ortiq dasturchi va dizaynerlar tayyorlab, xorijga ham IT xizmatlarini eksport qilishni ko‘zlaganmiz. Bundan tashqari, mazkur jarayon orqali 250 nafar IT mutaxassislarni ish bilan ta’minlash imkoni tug‘iladi, — deydi suhbatdoshimiz.
Laylo HAYITOVA