“Qaynona” “O‘gay ona”ga tengmi?

Din tarixi, islomiy masalalar, Payg‘ambarimiz Rasululloh (s.a.v.) va ahli sahobalari hayotiga bag‘ishlangan 30 jildga yaqin kitoblari, “Saodat asri qissalari”, “Abu Bakr Siddiq r.a.”, “Hazrati Umar ibn Hattob r.a.”, “O‘gay ona”, “Qaynona” kabi betakror va o‘lmas asarlari bilan nainki turk millatining faxriga aylangan, balki dunyodagi millionlab adabiyot ixlosmandlarining yuragidan chuqur joy egallagan noyob iste’dod sohibi Ahmad Lutfiy Qozonchining samimiyatga yo‘g‘rilgan bir asarini o‘qisangiz, beixtiyor boshqalarini ham mutolaa qilishga ehtiyoj sezasiz.
Karantin davrida “Qaynona”ning “tilini topgach”, “O‘gay ona” meni chorladi. Bu asarlar bir uyda turadigan ikki ahil oilaga o‘xshardi: o‘qisa arzigulik “oilaviy asar”. Yo‘q, shunchaki ibrat olsa arziydigan emas, mustaqil hayot bo‘sag‘asidagi har bir yigit-qiz uchun hayot sabog‘i bo‘la oladigan bebaho xazinani topgandek bo‘ldim. Aytaylik, “Qaynona” asari mutolaasidan so‘ng real hayotda qaynonalar ichidan Munavvarxonimni izlay boshlaysiz…
Afsuski, besh qo‘l barobar emas. Qaynonani “o‘gay ona” deb bilguvchilar ham topiladi. Bu ikki so‘z negadir “qora ro‘yxat”dan joy olgan. Biroq qaynonaga —“qayn ona” deb emas, “jon ona” deb qaralsa, o‘z volidasidek chin yurakdan mehr berшдsa, bunday qarashlarga o‘rin qolmasdi, fikri ojizimcha.

Asarda tilga olingan qaynona-kelin munosabatlari esa siz-u bizning oilada ham bor. Biroq Munavvarxonim tutgan yo‘lni hozirgi ayrim qaynona-kelinlar amalda qo‘llasa edi, bugun oilaviy ajrimlar soni ham ancha kamaygan bo‘larmidi?
“Seni uylantirdim, meni uyaltirma…
Seni har kimdan ziyoda yaxshi ko‘raman, lekin Alloh omonat sifatida bergan kelin, agar o‘g‘limdan norozi bo‘lsa, men kelinni emas o‘g‘limni aybdor deb bilaman”. Bunday nasihatlar bugun anqoning urug‘i bo‘lib qolmasidan, asarni “hazm qilayotganda” Munavvarxonimdan qaynonalik san’atini, o‘g‘li Mustafodan onaga itoat va ayolga munosabatni, kelini Aminadan esa go‘zal xulqni “yuqtirib” olsa arziydi.
Xo‘sh, “O‘gay ona” asaridan-chi?
“Har qanday ayol ona bo‘lishi mumkin, ammo ularning hammasi ham yaxshi o‘gay ona bo‘lolmaydi…
— Yo‘q, — so‘ng xo‘rsinib qo‘ydi: — o‘zi aytkizmaydi. Bir marta unga ona dedim. “Nega onang bo‘lay, men tug‘dimmi seni? Bor anavini ona degin”, — deb mozorot tomonni ko‘rsatdi. Men ham shundan keyin ona demadim…
…Kattasi (o‘gay o‘g‘li)ni bir-ikki shapaloqlagach, kichigi (o‘z farzandi)ni quchog‘iga oldi: — Kel, qo‘zichog‘im, yagonam!”.
Tanangizda “chumoli” o‘rmaladimi? Unda asarni, albatta, o‘qing. Buning uchun o‘gaylik zardobini yutib ko‘rish shart emas. Inson zoti mehrga doimo muhtoj bo‘ladi. Ayniqsa, bolalar. Afsuski, farzandlari orasida adolatli bo‘lmagani uchun ota-onani bir farzand ikkinchisidan qizg‘anib, meni ko‘proq yaxshi ko‘rsin, deydi. Bosh qahramon— Fotimaning uch farzandi-chi? Ulardan ikkisi o‘gay, ammo buni umuman — toki bu sirni o‘zi ochmagunicha — payqashmaydi. Bolalari orasida adovat paydo bo‘lmasligi uchun ehtiyotkorlik ila yuritgan adolatli muomalasi tufayli hech birining xayoliga “onam meni boshqalaridan kamroq yoki ziyodaroq yaxshi ko‘radi”, degan o‘y kelmaydi. O‘gay o‘g‘li Husayn esa “o‘rtadagi munosabatlarda biron bir soxtalik bo‘lganligini ayta olishi uchun yolg‘on so‘zlashi lozim”.
Yana bir joyda Fotimaxonimning uch oylik qizi Samihaga o‘gay qizchasi Odila qovurilgan no‘xat berib, o‘ldirib qo‘yishiga bir bahya qoladi.
— Odila, singlingga nima yedirding?
— No‘xat yedirdim. Yig‘ladi-da…
Fotimaxonimning ichidan kelgan bir his chaqaloqni koyib Odilani yaxshilab kaltaklashni, hech qursa, bir shapaloq tushirishni amr etardi. Talvasa paytida qilinadigan eng qulay ish shu edi.
Bolasi bunday holga tushgan onalar uning nima his qilganini tushunadi.
Buni qarangki, Fotimaxonim bu hodisa sabab Odilaga tayoq o‘qtalmadi, urmadi, yomon so‘z ham aytmadi. Faqat Allohga najot so‘rab yolvordi.
Bu holatni muallif o‘ta mohirona xotimalaydi: “Ona o‘z farzandiga jabr ko‘rsatishi tabiiy, ammo o‘gay bolasiga jabr ko‘rsatishi johillikdir”.
Yetim haqini ado etish, farzandlar orasida adolatli bo‘lish, diniy ta’limning afzalligi, masjidda ibodat qilish odobi, oilada yo‘l qo‘yiladigan katta xatolar, qaynonaning qaynashi-yu, o‘gay onaning o‘g‘lini o‘yishi, farzand faryodi-yu, “kuygan” kelin dodini eshitasiz bu asarlarda. Biri qo‘shningiz, boshqasi qarindoshingiz, yana biri tanishingiz hayotini yodga solsa, ne ajab.
Yaxshisi, xuddi serialning birinchi, ikkinchi faslini ko‘rganday, bu ikki asarni ketma-ket o‘qing, afsuslanmaysiz.

Dilnoza ATO