YOSHLAR AGENTLIGI — YOSHLAR TAYANCHIGA AYLANADI

O‘tgan yil 27-dekabrda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Muhammad al-Xorazmiy nomidagi maktabda yoshlar bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Uchrashuvda yoshlar siyosati bo‘yicha qator tashabbuslar ilgari surilib, Yoshlar ittifoqi negizida Yoshlar ishlari agentligi tashkil etish tashabbusi o‘rtaga tashlandi.
“Yangi O‘zbekistonni, albatta, yoshlar bilan birga quramiz. 2020-yil yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilish yili bo‘ladi”, deb ta’kidlagan edi Prezidentimiz.
Darhaqiqat, shunday bo‘ldi ham. Davlatimiz rahbarining ko‘p sonli yoshlarning takliflari yuzasidan mutasaddilarga bergan topshiriqlari asosida ishlar olib borildi. Bugun yoshlar tashkiloti yangilanish, tub burilish ostonasida: yoshlar ishlari agentligi tashkil etildi. Bunda, albatta, mamlakatimiz yoshlarining ertangi kuni kechagi va bugungidan-da, istiqbolli bo‘lishi maqsadi ko‘zlangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra, yoshlar ishlari agentligiga juda katta vakolatlar berilganki, u shu jihati bilan amaldagi yoshlar tashkilotidan farq qiladi.
Farmonda agentlikning asosiy faoliyat yo‘nalishlari va vazifalari belgilangan. Jumladan, 3-bandida yoshlar siyosati sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati amalga oshirish belgilangan bo‘lib, bu vazifa agentlik zimmasiga yuklatilgan. Shuningdek, agentlik yoshlar siyosatini amalga oshirish jarayonida nodavlat-notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda ishlaydi. Ijro organiga aylanayotgan yoshlar ishlari agentligi hukumat tomonidan keladigan topshiriqlarni bajaradi va u Vazirlar Mahkamasi nazoratida bo‘ladi.
“O‘zbekiston Respublikasida Yoshlarga oid davlat siyosatini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar dasturi”dan yoshlar faoliyati bilan bog‘liq barcha sohalarda uchrayotgan dolzarb muammo va kamchiliklar yechimi o‘rin olgan. 16 banddan iborat Dasturda yoshlar bandligi, ularning innovatsion, amaliy va istiqbolli startap loyihalariga grant mablag‘lari ajratish, yoshlar, asosan, uzoq hududdagi qishloq yoshlarini qo‘llab-quvvatlash, dam olish va ularni rag‘batlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.
Yana bir jihati, agentlikning hududiy boshqarmalari rahbarlari har chorakda xalq deputatlari kengashlari yig‘ilishlarida yoshlar faoliyati bilan bog‘liq sohalarda uchrayotgan dolzarb muammo-kamchiliklar va ularning yechimlari bo‘yicha axborot beradi. Bu barcha faollar unga yordamlashadi, degani.
Bularning barchasi yoshlar ishlari agentligi – yoshlar huquqlari va manfaatlarini, ertangi kunining farovonligini kafolatlaydigan muhim va ishonchli ijro organiga aylanishini anglatadi.

Sherzod TILAVOV,
Yoshlar ittifoqining Buxoro viloyati kengashi raisi