Buxoroda ta’lim muassasalari yotoqxonalarida zaxira o‘rinlar hozirlandi

Buxoroda ta’lim muassasalarida “Covid-19” kasalligi bilan og‘rigan bemorlar uchun 2050 ta zaxira o‘rinlari yaratildi. Bu haqda “Yoshlar ovozi”ga viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Olim Jo‘rayev ma’lum qildi.

Unga ko‘ra viloyatda talab va ehtiyojning oshganini inobatga olib, Buxoro muhandislik texnologiya instituti Talabalar turar joyida 250 ta, Buxoro davlat universiteti Talabalar turar joyida 1500 ta, Buxoro davlat tibbiyot instituti qoshidagi akademik lisey Talabalar turar joyida 150 ta o‘rin hozirlangan. Undan tashqari, Buxoro shahridagi “Semurg‘” sport majmuasida 225 ta hamda “Yoshlik” sport majmuasida 250 ta o‘rinlar yaratilgan.
Qayd etilishicha, viloyatda koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat tahlilini va nazoratini amalga oshiruvchi axborot-tahlil ishchi guruhi tomonidan zarur choralar ko‘rishga harakat qilinmoqda.

– Shu kungacha “Covid-19” kasalligi bilan og‘rigan bemorlar uchun viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasi, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi, kardiologiya va onkologiya dispanserlari kabi stasionar tibbiyot muassasalari bilan birga viloyat teri-tanosil kasalliklari dispanseri, viloyat fiziatriya va pulmonologiya markazi, shuningdek, Buxoro shahar Tibbiyot birlashmasida 1800ga yaqin o‘rinlar hozirlangan edi,-dedi axborot xizmati rahbari.

Laylo Hayitova