Xalqaro hamkorlar soni yana bittaga ko‘paydi

Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro universitetlar uyushmasi — Observatory Magna Charta Universitatumga a’zo bo‘ldi.
Mazkur nufuzli tuzilma 1988-yilda Italiyada tashkil qilingan bo‘lib, hozirda dunyoning 88 mamlakatidagi 904 ta yetakchi universitetni birlashtirib kelmoqda. Uning asosiy maqsadi a’zo universitetlar o‘rtasida o‘zaro samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlashdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida yuridik ta’lim va fanning xalqaro ta’lim maydonidagi raqobatbardoshligini ta’minlash vazifasi belgilangan edi. Farmon doirasida Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan bir qator muhim tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Xususan, joriy yilning iyun oyida TDYuU Xalqaro universitetlar assotsiatsiyasi (International Association of Universities – IAU), Xalqaro yuridik maktablar assotsiatsiyasi (International Association of Law Schools – IALS) hamda Yevropa yuridik maktablar assotsiatsiyasi (European Law Faculties Association – ELFA)ga qabul qilindi.
Xalqaro universitetlar uyushmasiga a’zolik yurtimizda yuridik ta’lim sifatini oshirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadam hisoblanadi. Uyushma tarkibidagi faoliyat Toshkent davlat yuridik universitetining ilmiy va pedagogik jamoasiga o‘z mutaxassisligi doirasida jahondagi ilg‘or tajribalarini o‘rganish, innovatsion ishlanmalar yaratish, ta’lim dasturlarini takomillashtirish imkonini beradi. Bu esa pirovard natijada universitetning xalqaro reytinglardagi pozitsiyasini yaxshilashga olib keladi.
Xalqaro universitetlar uyushmasi faoliyatini besh yillik reja asosida tashkil qilib, o‘z a’zolariga ta’lim jarayonini takomillashtirish borasida konsultativ yordam ko‘rsatadi hamda ularning o‘zaro hamkorlik qilishiga qaratilgan turli loyihalarni amalga oshiradi.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi