Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi doimo e’tibor markazida

Xayr va sahovat, ya’ni muhtoj insonlarga yordam qo‘lini cho‘zish, insonparvarlik har bir shaxs uchun eng oliy sifatlardan biri hisoblanadi. Qadimdan mehr-oqibatli bo‘lgan xalqimiz bugun ham ana shu muazzam qadriyatini yana bir bor barchaga namoyon qilmoqda. Ayniqsa, bunday go‘zal sifatlar bashariyatni qamrab olgan tojsimon virusga qarshi kurash davrida aks etayotgani quvonarlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda pandemik vaziyatni bartaraf etish uchun qaror-farmonlar imzolanmoqda. Mazkur hujjatlarning tub mohiyatida inson taqdiri, uning turmush tarzini himoya qilish kabi jihatlar yotibdi. Ana shu ishlarning mantiqiy davomi sifatida Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yilning 30 iyul sanasida “Koronavirus pandemiyasi davrida ijtimoiy himoyaga va yordamga muhtoj aholi qatlamlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Bu esa tojsimon virusga qarshi kurashda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamini qo‘llab-quvvatlanayotgani ayni muddao bo‘ldi. Shuningdek, yoshga doir eng kam pensiyalar — oyiga 513 ming 350 so‘m, bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa — oyiga 513 ming 350 so‘m, zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa — oyiga 315 ming 030 so‘m etib belgilandi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi bilan birgalikda 2020 yilning yakuniga qadar 14 yoshgacha bolalari bo‘lgan ehtiyojmand nafaqa oluvchi oilalarning amaldagi sonini 2 barobarga oshirib, 700 mingtagacha yetkazish, bola 2 yoshga to‘lgunga qadar bola parvarishi bo‘yicha nafaqa oluvchi ehtiyojmand onalarning amaldagi sonini 330 mingdan 400 mingtaga oshirish hamda moddiy yordam oluvchi kam ta’minlangan oilalarning amaldagi sonini 89 mingdan 100 mingtaga yetkazishni ta’minlash vazifasi topshirildi.
To‘lash muddati 2020 yilning iyul-sentyabr oylarida tugaydigan bolalari bo‘lgan oilalarga va bola parvarishi bilan shug‘ullanadigan onalarga nafaqa to‘lash navbatdagi
6 oy muddatga (bola tegishlicha 2 yosh va 14 yoshdan oshmagan holatda) davom ettirish uchun ko‘rsatma berildi.
Zero, mazkur hujjat zamirida murakkab davrda ham qiynalgan oilalar davlat, jamiyat e’tiborida ekani, mehr, saxovat, ezgulik kabi eng olijanob qadriyatlar tobora keng quloch yozib borayotganidan darak beradi.
Farmonga muvofiq, mamlakatimizda a’zolari 1,7 million nafardan ziyod bo‘lgan 400 mingdan ko‘proq oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratilishi ko‘zda tutilgan edi. Buning uchun respublika byudjetidan 380 milliard so‘m yo‘naltirilishi rejalashtirildi. Bundan tashqari, Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan yana 150 ming oila 1 million so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatilishi belgilangandi.
Respublikamizning barcha hududlarida mazkur farmon ijrosini ta’minlash ishlari olib borilmoqda. Jumladan, Qo‘qon shahrida ham aholining ehtiyojmand qatlamiga uch bosqichda yordam ko‘rsatilyapti.
Qo‘qon shahrida doimiy ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolarning “Temir daftar”i shakllantirildi. Bugungi kunga qadar “Sahovat va ko‘mak” umumxalq harakati jamg‘armasi orqali 21 ming 324 nafar ehtiyojmandga jami 4 milliard 910 million so‘m qiymatdagi hayriya ishlari amalga oshirildi. Mazkur summaning 3 milliard 416,6 million so‘m miqdordagi qismi aholiga oziq-ovqat yetkazib berish bo‘yicha ajratilgan bo‘lsa, 634 million so‘m mablag‘ ishga joylashtirish maqsadida sarflandi. Fuqarolarning tibbiy salomatligini tiklash uchun 74 million so‘m miqdorda zaruriy dori-darmonlar yetkazildi. Shuningdek, 531,1 million so‘m naqd pul shaklida ehtiyojmand oilalarga tarqatildi.
Farmonga muvofiq, tashkil etilgan “Temir daftar”ga kiritilgan kambag‘al oilalarga Qurbon Hayiti bayrami arafasida 2 milliard 665 million so‘m mablag‘ bir million so‘mdan ajratilib, 2 ming 665 nafar ehtiyojmand oilaga bo‘lib berildi.
“Temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarning har biriga (5 kilogramm un, 2 kilogramm o‘simlik yog‘i, 2 kilogramm shakar, 2 kilogramm guruch, 2 kilogramm makaron, 0,5 kilogramm quruq choy, 1 kilogramm tuz, 10 tadan tibbiy niqob) moddiy yordam ko‘rsatildi. Umumiy hisobda 3 ming 55 dona oziq-ovqat mahsulotlari muhtojlar dasturxonidan o‘rin oldi.
Xayriyalar davom etib, homiylik mablag‘lari hisobidan shahardagi 65 ta MFY da 70 ta qo‘y qurbonlikka so‘yildi. 3 ming 400 kilogramm qo‘y go‘shti 3 ming 82 ta oilaga yetkazib berilgani bayramga munosib sovg‘a bo‘ldi.
Shuningdek, shahar Go‘daklar uyiga mahalliy tadbirkor xomiylar tomonidan
13 kilogramm qo‘y go‘shti, 30 dona non, 30 dona sharbat kabi oziq ovqat mahsulotlari yetkazildi. 12-Mehribonlik uyiga 105 kilogramm qo‘y, 125 kilogramm mol go‘shti, 100 dona non hamda 150 dona muzqaymoqlar sovg‘a tariqasida ulashildi.
“Mexr-Muruvvat” nodavlat notijorat tashkilotining homiylik mablag‘lari hisobidan 1 nafar nogiron ehtiyojmand fuqaroga nogironlar aravachasi, 30 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi. Shuningdek, shahardagi 3 ta xonadonda qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.
Qayd etish kerak, “temir daftar”ga kiritilgan oilalarning har bir a’zosiga respublika byudjetidan jon boshiga 220 ming so‘mdan bir martalik yordam ko‘rsatish belgilangan. Shahardagi 4 ta sektor ishchi guruhi, deputatlar va mahalla fuqarolar yig‘inlari tomonidan ehtiyojmand oilalar qaytadan o‘rganib chiqildi. O‘rganish davomida 1000 ta oila ehtiyojmanlar ro‘yxatiga qo‘shildi. Bugungi kunda 4 ming 715 ta oilada
18 ming 641 nafar oila a’zolarining manzilli ro‘yxatlari mahallalar va sektorlar kesimida shaklantirildi. Ayni paytda o‘rganish va toifalarga ajratish ishlari olib borilmoqda.
Aytish joizki, mazkur ro‘yxatni shakllantirishda halollik va odillik prinsiplariga amal qilinmoqda. Birinchi navbatda oilalarning mehnatga layoqatsiz nogironligi va surunkali kasallikka chalingan a’zolari mavjud ekaniga ahamiyat berilmoqda. Shuningdek, oilada yakka-yolg‘iz keksalar, bevalar va boshqalar qaromog‘iga muhtoj kam ta’minlangan, besh va undan ortiq farzandi bor oilalar, koronavirus pandemiyasi sababli qo‘llanilgan karantin choralari natijasida o‘zining daromad manbaini yo‘qotgan, biroq “temir daftar”ga kiritilmay qolgan oilalarga e’tibor berilmoqda.
Bugungi kunga qadar Xalq deputatlari shahar kengashi qarori bilan 776 ta oilani “Temir daftar”dan chiqarish bo‘yicha kengash raisiga sektor rahbarlarining murojaatlari olinib, bu bo‘yicha qaror qabul qilindi.
Muxtasar aytganda, muhtojga ko‘mak qo‘lini uzatish, bir-birini e’zozlash, o‘zaro xayrixohlik xalqimizga xos fazilat. Bunday sinovli kunlardan katta talofatsiz chiqishni istasak, hukumat tomonidan belgilangan mavjud tartib-qoidalarga amal qilsak, o‘zaro hamjihatlik, birdamlikda bo‘lsak, pandemiyani yengib o‘tgan bo‘lamiz.

Erkinjon MAHMUDOV,
Qo‘qon shahar adliya bo‘limi boshlig‘i