PANDEMIYA SHAROITIDA SOTSIOLOGIK TADQIQOTLARNING O‘RNI VA AHAMIYATI

Davrimizning o‘ziga xos hodisasi bo‘lgan bugungi kundagi pandemiya va epidemiya zamonaviy ilm-fan uchun begona jarayon emas. Turli zamonlarda har qanday jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojida pandemiyaga o‘xshagan hodisalar vabo, o‘lat, zotiljam kabi kasalliklar shaklida ko‘p takrorlangan bo‘lib, olimlarning e’tiroflariga ko‘ra bu 18-chi pandemiya ekan. Avvalgi pandemiyalar 16 asr o‘rtalarida Misr va Efiopiyada 50 mln gacha odamning “yostig‘i”ni quritganligi manbalarda keltiriladi. Tibbiyot yuqori darajada rivojlangan hozirgi sharoitda koronavirus davosi uchun vaksinalar yaratish mumkinligini mutaxassislar inkor etmayaptilar. Turli soha vakillari pandemiyaning inson salomatligidan tashqari jamiyat rivoji va taraqqiyotiga ham jiddiy salbiy ta’sir o‘tkazishini avval boshdanoq ilmiy prognoz qilgandi. Xususan, iqtisodchi olimlar karantin muddatlari yakuniga yetgach, ma’lum muddatga borib dunyo moliyaviy bozori va iqtisodini tartibga tushirish uchun butunlay yangicha yondashuvlar zarurligini ta’kidlamoqdalar.
Tabiiyki, pandemiya va u tufayli yuzaga kelgan karantin davri ijtimoiy hayotda ham o‘ta dolzarb muammolarni keltirib chiqardi. Aholining uzoq vaqt uy-joylarida qolib ketishlari, masofa saqlash, belgilangan qat’iy tartiblarga amal qilish odatining muddati qanchalik uzoq davom etsa, u kishilardagi xulq-atvor me’yorlaridagi o‘zgarishlarga ham sezilarli ta’sir o‘tkazadi. Ayniqsa u karantin tufayli ma’lum vaqtga ish-joylari yopilgan, daromadlari sezilarli kamaygan yoki mutlaqo to‘xtab qolgan kishilarda og‘ir kechmoqda. Albatta, mutasaddi tashkilot va xodimlar vahimali holatlar yuzaga kelmasligi, turli ijtimoiy-psixologik muammolarning oldini olish, yoki sodir etilmasligi uchun mutaxassislar yordamida zarur ishlarni olib bormoqdalar. Jumladan, OAV, Internet tarmoqlari, turli xil onlayn konferensiyalarda olib borilayotgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari o‘zining samarali natijalarini bermoqda.
Mavjud pandemiya sharoitida sotsiologik tadqiqotlar natijalari va ularning ilmiy tahlili asosida yuzaga kelgan dolzarb ijtimoiy muammolarni aniqlash, ilmiy yechimini topish va prognozlar berish muhim o‘rin tutadi. Har bir mamlakat yoki jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari, qolaversa a’zolarining ruhiy kayfiyati mental va mahalliy shart-sharoitlarni hisobga olgan holda o‘rganiladi. Ijtimoiy guruhlarning fasllar, iqlim va kundalik hayot tashvishlari asosida o‘zgaruvchan xulq-atvorini tez va ishonchli o‘rganib, asosli xulosalar chiqarishda sotsiologik tadqiqotlar eng samarali vosita hisoblanadi. Ayniqsa, axborotlar nihoyatda tez almashinayotgan, fikrlar qarama-qarshiligi ko‘paygan, ijtimoiy tarmoqlarda inson ruhiyatiga ba’zan asosli, ba’zida asossiz ta’sir o‘tkazadigan film, reklama, yoki turli xil rasmlar tufayli ehtiros va hissiyotlarga “teginish” tufayli o‘zini o‘zi boshqarish imkoniyatlari ayrim insonlarda izdan chiqib ketmoqda. Pandemiya sharoitida bu jihatlar miqdori yanada oshib bormoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra dunyo bo‘yicha insonlarning internetga qaramligi uch-to‘rt barobarga oshgan va qariyb barcha qatlamlarni qamrab oldi.
Demak, pandemiya davri axborotlashgan jamiyat imkoniyatlarini yanada oshirib yubordi, hayot ritmi esa to‘xtab qolmadi, aksincha butunlay o‘zga bir sharoitda yangi jarayonga o‘tdi. Bu esa o‘z navbatida butunlay yangicha yondashuv va qarashlarni shakllantirmoqda. Ta’lim sohasi yuqori sur’atlarda onlayn tizimiga o‘tib bormoqda. Bank-moliya, aholiga xizmat ko‘rsatish va savdo tizimlarida aholi bilan muloqot qilishning elektron-hukumat shakllarida ishlash davriy ko‘rsatkichga ega bo‘lmoqda. Tibbiyot sohasida gigiyena va sanitariya qoidalari eng muhim omilga aylandi. An’ana, udum va urf-odatlardagi mavjud qoidalar umuman yangicha mazmun kasb etishga ulgurdi. Qisqacha aytganda “sihat-salomatlikni asrash-avaylash”, “hayotning mazmunini anglab yetish”, “inson qadri” kabi muhim qadriyatlar tizimi oldinga o‘rinlarga chiqdi. Pandemiyadan avval keng jamoatchilikga “Xalqimizning eng muhim qadriyatlarini sanab o‘ting?” degan savollar bilan murojaat qilinganida bu kabi javoblar deyarli uchramasdi.
Xulosa qilib aytganda, pandemiya tufayli yangicha dunyoqarash boshlanadi. Mavjud imkoniyatlardan foydalanib, uni yagona bir tizimga keltirish, istiqbolli davlat dasturlariga aylantirish, yangicha qadriyatli qarashlar mo‘ljallarini qonunlashtirish, milliy mentalitet va identiklikni shakllantirib borishda ijobiylik pragmatizmini tafakkur va ongga joylashtirish kechiktirib bo‘lmaydigan bosh g‘oyamiz hisoblanadi. Bunda tez va sifatli o‘tkaziladigan sosiologik tadqiqot natijalariga tayanish, uning ilmiy tahlil va prognozlaridan foydalanishni joriy etish qo‘l keladi. Xususan pandemiya va karantin davrida nafaqat mavjud ijtimoiy muammolarni bartaraf etish, balki istiqbol rejalarni amalga oshirish uchun ham sotsiologiya va uning imkoniyatlaridan unumli foydalanish zarur.

Komil KALANOV
O‘zMU “Sotsiologiya” kafedrasi mudiri