Maktab – muvaffaqiyatlar asosidir

Sharq donishmandlari aytganidek: Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilmdir, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir. Shu sababli hammamiz zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirib, ilm-ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lmoqlik uzluksiz hayotimiz ehtiyojiga aylanishi kerak.
Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev tomonidan 2020 yil “Ilm – ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb e’lon qilindi. Demak, oliy ta’lim, maxsus va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ilm-fanga e’tiborni yanada kuchaytirish zarur. Buning uchun esa umumiy o‘rta ta’lim tizimida o‘qitish, ilm berish usullarini yanada mukammallashtirish lozim deb o‘ylaymiz.
Mana yangi 2020-2021 o‘quv yili ham boshlandi. Ta’lim jarayonini zamonaviy talablarga moslashtirish, rivojlangan xorijiy tajribalar asosida modernizatsiyalash va uning samaradorligini ta’minlashda o‘quvchilarning mustaqil faoliyatini tashkil etish muhim ahamiyatga ega.
O‘quvchilarning mustaqil ta’lim olishi uchun zarur sharoitlarni yaratish, ijodiy faoliyatga yo’llash, kasbiy kompetentligini shakllantirish uzluksiz ta’lim tizimining asosiy vazifalaridan hisoblanadi.
Aniq fanlar tizimida matematika fanini o‘qitishga e’tibor kuchaytirilishi ta’kidlandi. Bu albatta bejiz emas, chunki yurtboshimiz aytganlaridek “Matematika hamma aniq fanlarga asos. Bu fanni yaxshi biladigan bola aqlli, keng tafakkurli bo‘lib o‘sadi, istalgan sohada muvaffaqiyatli ishlab ketadi”. Demak, bu fanni soddadan murakkabga, osondan qiyinroqqa o‘tish usulda mavzularni tizimlashtirish ko‘proq samara berishi, bilim va ko‘nikmaning chuqurroq egallanishiga erishish oddiy haqiqatdir. Buning uchun esa o‘qituvchidan bilim, mahorat, tajriba va izlanish talab etiladi. Zero, bizning yosh, navqiron va bilimga chanqoq bolalarimiz kelajagi hamda jonajon vatanimiz muvoffaqiyati biz o‘qituvchilarga bog‘liq.
Bunday mas’uliyatli va mashaqqatli ishda barcha pedagoglarimizga kuch, g‘ayrat va matonat tilayman.

Buxoro davlat universiteti
dosenti N.A.To‘rayeva