Menga Mosso bir jahon, Menga Kiler bir jahon…

Bir kuni Jurjon hukumati hukmdorining jiyani – Abdulvohid no’malum bir dardga chalinadi. Tabiblarning aytishicha, u ovqatlanmas, kechalari alahsirab chiqar, dardini ichiga yutib, boshini ko‘tarmas, birov bilan gaplashmas ekan.
Hukmdorning topshirig‘iga ko‘ra Ibn Sino saroyga yetib keladi.
Bemorni ko‘zdan kechirgan tabib: “Jiyaningizning badani zaif, terisi yupqa, ammo sog‘lom. Kasallik alomati yo‘q. Lekin, muhabbatning ipak tolasi uning qo‘l-oyog‘ini bog‘lagan bo‘lishi mumkin”, – deya taxmin qiladi. Bemorning poyintar-soyintar yolg‘on gaplariga ishonmasdan, oshiqning dilidagi haqiqatni o‘qib olmoqchi bo‘ladi. Saroydagi mulozimga Jurjonning barcha mahallasi nomini biladigan odam topishni buyuradi.
Kelgan odamni bemor yoniga chaqirib, mahallalar nomini aytishni iltimos qiladi. Oshiqning tomiri “So‘zangaron” so‘zi aytilishi bilan qattiq ura boshlaydi.
“So‘zangaron” guzari oqsoqoli Shamsuddin domlani chaqirib, undan mahalladagi barcha xonadon boshliqlari ismini birma-bir aytishni so‘raydi. Nihoyat, bemorning ohista urayotgan tomiri “Alouddin” degan ismni eshitib tez-tez ura boshlaydi.
Shundan so‘ng, guzar oqsoqolidan Alouddin ismli kimsaning barcha oila-a’zolari nomini shoshilmasdan aytib turishni so‘raydi. Buni qarangki, “Rohila” ismini eshitgan bemorning tomiri haddan ziyod tez ura boshlaydi, bemor qizaradi-yu, xushidan ketib qoladi. Yuziga suv sepib xushiga kelgan oshiq uyalib pastga qarab turadi. Ibn Sino uning qalbidagi fikrlarni to‘liq o‘qib olgan, sir fosh bo‘lgan edi.
-Nauzan billo…Bu karomat-ku, -deydi hayratlanib Jurjon hukmdori.
-Nahotki, odamzotning tomir urishi, nafas olishi, ko‘z qorachig‘iga qarab uning yurak sirlarini bilib olish mumkin?…
Ha, ming yillar oldin yashagan Ibn Sino o‘sha zamon odamlarini hayratga solgan. U yashagan davrda insonlarning tomir urishi, nafas olishi, terining harakatiga qarab ularning fikrlarini tahlil qiladigan poligrafolog kasbi bo‘lmagan. Poligrafogoliya appparati “Detektor lji” uskunasining sarobi ham ko‘rinmagan.
Aslida, bu kasbga ilk bora 1877 yilga kelib italyan fizigi Anjelo Mosso tomonidan asos solingan, 1933 yilga kelib esa ingliz fizigi Leonard Kiler tomonidan takomillashgan zamonaviy poligrafologiyaga tamal toshi qo‘yilganligi haqida yozishadi.
Bilasizmi, menga Mosso bir jahon, menga Kiler bir jahon. Aslida ming yil oldin bu soha kasbga asos solgan bobom Ibn Sino bor.
U nafas olish parametrlari, yurak-qon tomir faolligi, terining elektr qarshiligini sinxron ro‘yxatga olish, zarurat bo‘lsa boshqa fiziologik parametrlarni ro‘yxatga olish orqali shaxsdagi instrumental va psixofiziologik jarayonlarni qon bosimi, nafas olish, teri haroratini o‘lchash sensori, noutbok va bu jarayonlarni hisoblash mashinasidan iborat “Detektor lji” (Yolg‘onni fosh etish apparati) apparati orqali uzoq tahlil qilib vaqtni cho‘zib o‘tirmadi.
Shunchaki, barmog‘i bilan yolg‘onchi oshiqning tomir urishi, nafas olish va rangining o‘zgarishiga qarab, XXI asrda o‘rtacha o‘n ming AQSH dollari miqdorida maosh olayotgan poligrafologlar iborasi bilan aytganda yolg‘onlar ichidan haqiqatni izlab topdi.
Ha aytgancha, o‘shanda uning oldida hech qanaqa sensor appparati va elektr to‘lqinlarini tahlil qiladigan noutbuk yo‘q edi.
Xulosa o‘rnida, Menga Mosso bir jahon, Menga Kiler bir jahon, lek Sinodek bobom bor, shifo-darmon o‘zbegim.

Iqbol Umurova,
Navoiy viloyat “Tafakkur”
yoshlar targ‘ibot markazi
“IBN SINO VORISLARI”
targ‘ibot guruhi a’zosi