Samarqand forumi bo’lib o’tadi

Poytaxtimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Yoshlar–2020: global birdamlik, barqaror rivojlanish va inson huquqlari” deb nomlangan Samarqand forumining maqsadi, mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahim Hakimov va “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov ishtirok etgan tadbirda ushbu forum haqida atroflicha ma’lumot berildi.

12-13-avgust kunlari bo‘lib o‘tadigan xalqaro miqyosdagi mazkur forumda BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari, Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Kengashi kabi qator xalqaro tashkilotlar hamda o‘n beshdan ziyod xorijiy mamlakatdan mingdan ortiq ishtirokchilar qatnashishi kutilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo aholisining 2 milliarddan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Yurtimizda ham aholining 60%i yoshlar, bu Markaziy Osiyo davlatlaridagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biridir. Forumda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, Qonunchilik palatasi huzuridagi yoshlar parlamentlari kabi 90 dan ziyod nodavlat-notijorat yoshlar tashkilotlari ishtirok etadi. Umumiy anjuman ishtirokchilarining 80%dan ortig‘i ham yoshlardir.
Tadbir doirasida davlatimiz rahbari 2017 yil 19 sentyabrda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surgan muhim bir tashabbusi asosida ishlab chiqilgan Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya loyihasining ham navbatdagi muhokamasi rejalashtirilgan. Shuningdek, yoshlar huquqlari va barqaror rivojlanish maqsadlari orasidagi bog‘liqlik, yoshlarning inson huquqlari borasidagi bilimi va huquqiy ongini oshirish, 2030 yilgacha yanada xavfsizroq kelajakni qurish, tinchlik va osoyishtalikni ta’minlashda yoshlarning roli va ahamiyatini kuchaytirish masalalari ham atroflicha muhokama qilinadi. Qolaversa, mazkur jarayon ikki kun davomida “You Tube” ijtimoiy tarmog‘i orqali butun dunyoga to‘g‘ridan-to‘g‘ri translyatsiya qilinadi.
— BMT Bosh kotibi chaqirig‘iga javoban, Prezidentimiz tashabbusi bilan bu yilgi Inson huquqlari bo‘yicha Samarqand forumi “BMT 75 yoshda: kelajakka nigoh” dasturi doirasida bevosita yoshlar masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilmoqda. Hozirgi pandemiya sharoitida bunday nufuzli forumning tashkillashtirilishi nafaqat O‘zbekiston, balki jahon tajribasida ham katta yangilik. Yoshlar nafaqat kelajagimiz bunyodkorlari, balki bugunimiz, islohotlarimizning hal qiluvchi kuchi hamdir. Agar biz barqaror rivojlanishga erishmoqchi bo‘lsak, yoshlarning jamiyatimizdagi o‘rni va mavqeini har tomonlama kuchaytirishimiz zarur, — dedi Akmal Saidov.

O‘z muxbirimiz