Universitetlar vakillari o‘zaro fikr almashdi

Joriy yilning 2020-yil 10-11 avgust kunlari Toshkent davlat yuridik universiteti, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va xorijiy ta’lim dargohlari hamkorligida universitetlararo onlayn konferensiya tashkil etildi.
“Yangi demokratiya sharoitida konstitusionalizm konsolidasiyasi: Yevroosiyo istiqbollari” mavzuidagi anjumanda yurtimiz ilmiy hamjamiyati hamda rasmiy doiralar vakillari bilan birgalikda Nagoya universitetining Osiyo huquqiy almashinuv markazi va Oliy huquq maktabi (Yaponiya), Melburn universiteti (Avstraliya), Regensburg universiteti (Germaniya) ekspertlari ham ishtirok etdi.
Videokonferensiyani TDYuU rektori Rahimjon Hakimov ochib berdi.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda unda belgilangan vazifalar xususida so‘z yuritildi. Yurtimizda yuridik fan va ta’lim sifatini oshirishda dunyoning yetakchi universitetlari bilan yaqindan hamkorlik qilish g‘oyat muhimligi ta’kidlandi.
Ilmiy-amaliy munozara sessiyalari davomida ekspertlar Yevroosiyo mintaqasi davlatlarida konstitutsiyaviy va ma’muriy huquqning rivojlanish jarayoni, inson huquqlarini konstitutsiya hamda qonunlar asosida himoya qilish masalalarini muhokama qildi. Mavzuga doir bir qator asosli taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Bildirilgan fikr-mulohazalar umumlashtirilib, kelgusida huquqshunoslar uchun ilmiy va o‘quv materiallarini tayyorlashda foydalaniladi.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi