TDYU rektori Rahimjon HAKIMOV: “Qiynalgan talabalarga yordam beramiz”

Yangi o‘quv yilidan Toshkent davlat yuridik universitetida Yevropa kredit tizimi joriy qilinib, “Elektron universitet” platformasi hamda Talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi ishga tushiriladi. Yuridik ta’limda kutilayotgan shu va boshqa o‘zgarishlar haqida yoshlarni universitet rektori Rahimjon Hakimov xabardor qildi.
Onlayn muloqot chog‘ida rektorat vakillari bilan bir qatorda, fakultet dekanlari ham ishtirok etib, talabalarning savollariga atroflicha javob berdi.

Ta’kidlanganidek, TDYUda Yevropa kredit tizimiga o‘tilayotgani ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi. Mazkur tajriba ko‘pgina mamlakatlarda o‘zini oqlagan. Unga ko‘ra talabalarga mutaxassislik fanlari chuqur o‘qitiladi va mustaqil ta’limga keng (60 foizgacha) o‘rin beriladi. O‘quv predmetlari va professor-o‘qituvchilarni esa o‘zingiz tanlashingiz mumkin. Rahimjon Hakimovning so‘zlariga qaraganda, universitetda amaliyot tizimi ham isloh etildi. Endilikda 1-kursdan Yuridik klinikada amaliyot o‘tash hamma uchun majburiy etib belgilangan.
Yana bir muhim yangilik. Sentyabr oyidan TDYUda talabalar bilimini baholash jarayoni deyarli to‘liq avtomatlashtiriladi. Shu maqsadda “Elektron universitet” platformasi ishga tushirilmoqda. Mazkur tizimda har bir talabaning shaxsiy kabineti ochilib, qaysi fandan qancha ball to‘plaganidan tortib, nazorat ishlari va kontrakt to‘lovidagi qarzdorligigacha aks ettiriladi. Bu, o‘z navbatida, talabalarning fanlardan o‘zlashtirish ko‘rsatkichlarini shaffoflashtirish hamda ta’lim jarayonida korrupsiyaning oldini olishga yordam beradi.
Yangi tartibga muvofiq, TDYuUda 4-kurslarning hammasi ham diplom ishini yozmaydi. Bunday huquq umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 71 balldan yuqori bo‘lgan talabalargagina beriladi. Qolganlar, davlat imtihonlarini topshirish bilan cheklanadi, xolos.
Toshkent davlat yuridik universiteti yurtimiz oliy o‘quv yurtlari orasida birinchilardan bo‘lib Talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqda. Natijada talabalar turli xat-hujjatlarni olish, rasmiylashtirish va taqdim etish uchun ortiqcha vaqt sarflamaydi. Barcha xizmatlarni maksimal ravishda elektron tizimga o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Rahimjon Hakimov shu kunlarda internet tarmog‘ida qizg‘in munozaralarga sabab bo‘lgan kontrakt summasini kamaytirish masalasiga ham oydinlik kiritdi. “Hozirda bazaviy to‘lov-shartnoma pulining 10 foizi miqdorida chegirma taqdim etish imkoniyatini ko‘rib chiqyapmiz, — dedi rektor. — Bundan tashqari, universitet kontrakt to‘lashga qiynalayotgan nogironligi bor, kam ta’minlangan va ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalarga 4 million so‘mgacha bir martalik moddiy yordam ko‘rsatishga tayyor. Yana bir gap. Bilasiz, koronavirus pandemiyasi tufayli sentyabr oyida universitetda o‘qish to‘liq masofaviy shaklda tashkil qilinadi. Kompyuteri yo‘q talabalar fakultetlarga chiqsin. Ularga texnikani o‘zimiz yetkazamiz. Internet muammosini ham har bir tuman kesimida imkon qadar hal qilib beryapmiz. Buning uchun Davlat xizmatlari agentligining hududiy bo‘limlari resurslaridan foydalaniladi”.
Muloqot davomida talabalar rektorga ko‘plab savol va takliflar bilan murojaat qildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi