TDYU talabalari Amerikada o‘qiydi

Toshkent davlat yuridik universiteti Pensilvaniya davlat universiteti bilan anglashuv memorandumini imzoladi. Unga muvofiq, o‘quv dasturlari hamda ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish, talabalar, ilmiy nashrlar va materiallar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qo‘shma darslar tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Pensilvaniya davlat universiteti AQSHning nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri hisoblanadi. Mazkur ta’lim dargohi ko‘p yildan buyon dunyo universitetlari reytingida yuqori o‘rinlarni egallab kelmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda yuridik ta’lim va fanning xalqaro ta’lim maydonidagi raqobatbardoshligini ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimiz rahbarining 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida bu bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi. Ularning ijrosi uchun Toshkent davlat yuridik universiteti ham mas’uldir.
Yuridik ta’lim sohasida dunyodagi ilg‘or tajribalarni o‘rganish va tatbiq etish maqsadida Toshkent davlat universiteti xalqaro hamkorlar safini muntazam kengaytirib kelmoqda.
Pensilvaniya davlat universiteti bilan imzolangan memorandum doirasida ta’lim sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan bir qator muhim masalalar yuzasidan o‘zaro manfaatli kelishuvlarga erishildi. Jumladan, TDYU bitiruvchilari maxsus tavsiyanoma asosida magistratura tahsilini AQSHda davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi