KARANTIN BEKOR QILINMADI, YUMSHATILDI XOLOS!

Respublika maxsus komissiyasining navbatdagi qarori bilan karantin qoidalari yengillatilib, qator sohalarning faoliyati qayta tiklanmoqda. Bu tirikchilik faoliyati cheklanib qolgan ko‘plab yurtdoshlarimizni quvontirdi. Ammo unutmangki, karantin qoidalari yumshatildi, bekor qilinmadi!
Oilaviy tantana, to‘y, ma‘raka va marosimlarni fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan ko‘p bo‘lmagan ishtirokchilar bilan sanitariya va gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazishga ruxsat berildi. Bu orzu-havas bilan qiz chiqarib, o‘g‘il uylantiraman, degan yurtdoshlarimiz uchun ayni muddao.
— To‘y-ma’rakalarimizni bunday ixcham holda o‘tkazish har tomonlama foydali, — deydi maktab o’qituvchisi Mehriniso Xoliqova. — Shu choqqacha to‘ylardagi dabdababozlikni qisqartirishga urinishlar u qadar samara bermayotgan edi. Zora endi to‘ylarda million-million pul sochadigan o‘sha ayrim yurtdoshlarimiz o‘zining, yaqinlarining sog‘lig‘i uchun bu illatdan voz kechsa! Umid qilamanki, ota-onalarimiz va yoshlarimiz vaziyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarib, karantin qoidalarini buzmaydi.
Ayni paytda quyidagi karantin qoidalari saqlanib turibdi:
— fuqarolarning jamoat joylarida ijtimoiy masofani (2 metr) saqlashi, tibbiy niqobda bo‘lishi, bunda ular tomonidan sanitar talablar buzilgan taqdirda qat’iy choralar (jarimaga tortish) ko‘rish;
— tana harorati 37 gradus va undan yuqori bo‘lgan yoxud infektsiya alomatlari mavjud bo‘lgan fuqarolarning jamoat joylariga chiqmasligi;
— davlat organlari, tashkilotlarida yig‘ilishlar o‘tkazishni ta’qiqlash, zarur hollarda yig‘ilishlarni videokonferensaloqa rejimida o‘tkazish;
— tomosha, madaniy-ko‘ngilochar (teatr, kinoteatr, kontsert zallari, to‘yxonalar, faoliyati) va ommaviy tadbirlar o‘tkazish;
— parklar va istirohat bog‘laridagi attraktsionlar faoliyati;
— umumiy ovqatlanish obyektlari (restoran, kafe, oshxona, choyxona) faoliyati (ochiq havoda xizmat ko’rsatuvchi umumiy ovqatlanish obyektlari bundan mustasno);
— tungi klublar, diskoteka, spa va massaj salonlar, karaoke, bilyard zallari, chilim (kalyan) va kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatiga yo‘l qo‘ymaslik;
— 65 yoshdan oshgan shaxslarning “o‘zini o‘zi yakkalash” hayot tarzida yashashini tavsiya etish va ogohlantiruvchi targ‘ibot ishlarini amalga oshirish;
— yo‘nalishsiz taksilarda yo‘lovchi tashish uchun avtotransport vositasi salonida haydovchi o‘rindig‘i yo’lovchilar o‘rindig‘idan shaffof plastik yoki maxsus pleyonka bilan to‘silgan bo‘lishi, haydovchi va yo‘lovchi tibbiy niqobda bo‘lishi (tibbiy niqobsiz yo‘lovchini tashish taqiqlanadi), yo‘lovchilarni avtotransport vositasi saloni orqa o‘rindigviga o‘tqazilishi hamda faqat o‘z (avtotransport vositasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan) hududida harakatlanishi.
Davlat organlari va muassasalarining binolari, shu jumladan, xizmat xonalari mavjud sharoitlardan kelib chiqib, havoni zararsizlantirish tizimi bilan bosqichma-bosqich jihozlanadi.
Bu talablarni barchamiz yaxshi bilishimiz, oqibatlarini anglashimiz, beparvolik zanjirini uzishimiz lozim. Bir maqsad — kasallikni tezroq barham topishida birlashishimiz lozim. Zero, salomatligimiz, birinchi navbatda o‘zimizga kerak.

Ro‘ziqul OCHILOV