Yosh o’zbek olimi Chexiya Respublikasi Fizika jamiyati mukofoti bilan taqdirlandi

O’zbekiston Fanlar akademiyasi Astronomiya instituti katta ilmiy xodimi, Opavadagi Sileziya universiteti dotsenti, fizika-matematika fanlari doktori Arman Tursunov Milan Odegnal nomidagi Chexiya Respublikasi Fizika jamiyatining birinchi darajali mukofoti bilan taqdirlandi, deya xabar beradi O’zFA rasmiy veb-sayti.

Ikki yilda bir marta Milan Odegnal nomidagi Chexiya Respublikasi Fizika jamiyati Milan yosh fiziklar uchun eng yaxshi ilmiy ishlar tanlovini e’lon qiladi. Tanlovda Chexiyada ishlaydigan, 30 yoshgacha bo’lgan, fizikaning barcha sohalari bo’yicha ilmiy ishlar mualliflari yoki Chexiya universitetlarining bitiruvchilari ishtirok etishlari mumkin. Tanlovga so’nggi besh yil ichida nashr etilgan yoki nashrga qabul qilingan fizikaning barcha yo’nalishlari bo’yicha uchtagacha ilmiy ishlar qabul qilinadi. 2020-yilgi Milan Odegnal birinchi darajali mukofoti “Qora tuynuklar fizikasining nazariy tadqiqoti uchun” f.-m.f.d. Arman Tursunovga berildi. Ikkinchi va uchinchi darajali mukofotlarga Pragadagi Charlz universiteti, Barselonadagi Fotonika fanlari instituti, Chexiya Fanlar akademiyasining Fizika instituti, Pragadagi Chexiya texnik universiteti va Olomoutsdagi Palatski universiteti yosh olimlari sazovor bo’ldilar.

Rasmiy taqdirlash marosimi 2020-yil 9-sentabrda Chexiya va Slovakiya fiziklarining Pragadagi 20-anjumanida, Charlz universiteti binosida o’tkazilishi rejalashtirilgan.

Avvalroq, 2018-yilda Arman Tursunov yuqori energiya astrofizikasi sohasidagi izlanishlari uchun Chexiya Respublikasi Ta’lim, Yoshlar va Sport vazirligi oliy mukofotiga sazovor bo’lgan edi. Sovrin Chexiya parlamenti Senatida topshirilgan. U shuningdek, o’z ilmiy izlanishlari uchun 2015-yilda u yosh olimlar va mutaxassislarning yillik konferensiyasida nazariy fizika bo’limidagi ma’ruzasi uchun Dubna (Rossiya) qo’shma yadro tadqiqotlari instituti mukofotiga, 2016 yilda Oldenburg (Germaniya) da o’tkazilgan ilmiy-tadqiqot guruhining ikkinchi darajali mukofotiga hamda boshqa mukofotlarga sazovor bo’lgan.

2019-yilda Arman Tursunov doktorlik dissertatsiyasini 28 yoshda O’zR FA Yadro fizikasi instituti qoshidagi ilmiy kengashda yoqlagan.

Bundan oldingi Milan Odegnal birinchi darajali mukofoti 2018-yilda O’zR FA Astronomiya instituti yetakchi ilmiy xodimi, falsafa doktori Bobur Toshmatovga berilgan. Bundan tashqari, u SCOPUS tomonidan 2019-yilda O’zbekistonning eng yaxshi yosh olimi deb tan olingan.