Bir martalik yohud «umri» uzoq yelim idishlar

Ko‘p qavatli uylar oralab, ikki katta sumkasini sut-qatiqqa to‘ldirgan ayol uch-to‘rt soatning ichida yukini yengillashtirib, keyin uyiga yo‘l oladi. Har gal uning qo‘lidagi ichiga sut to‘ldirilgan yelim idish (baklashka)larni ko‘rganimda, «ularning har biri nechta xonadonga mehmon bo‘lgan ekan» deya o‘ylab qolaman. Negaki ba’zilarining usti qirilgan, belidagi «belbog‘i»ning rangi o‘chib ketgan, hattoki o‘ziga mos bo‘lmagan qopqoq bilan bekilgan bo‘ladi. Eng yomoni, yo‘lida uchragan baklashkalarni terib, sumkasiga solayotganiga ham guvoh bo‘lganman. Axir, ko‘cha-ko‘yda yotgan, to‘g‘ri kelgan yelim idishni olib, unga sut solib sotish to‘g‘rimi? To‘g‘ri, balkim bu savdo ortidan ayol ro‘zg‘or tebratar, kam-ko‘stini to‘ldirar. Biroq pul topaman deb, qaysidir insonning salomatligiga aziyat berib qo‘ymayaptimikan? Qayta-qayta ishlatilayotgan baklashkaning inson salomatligi uchun qanchalik xavfi bor? Olimlar plastmassa va yelim idishlar biz o‘ylagandan ham xavfli ekanini ta’kidlashmoqda. Negaki yelim va plastmassadan tayyorlangan idishlar zaharli moddalarni chiqaradi, ular oziq-ovqat, ichimliklar bilan birga inson tanasiga kirishi mumkin ekan. Ba’zilarida xavfli kimyoviy bisfenol-A mavjud bo‘lib, bu inson tanasiga kiradigan xususiyatlarga ega. Ushbu kimyoviy moddalarning ko‘payishi turli xil sog‘likdagi muammolarga, shu jumladan gormonal kasalliklarga olib kelishi tajribalar bilan isbotlangan. Bundan tashqari, bu og‘ir zaharlanish, ovqat hazm qilish kasalliklarini keltirib chiqaradi, moddalar almashinuvini buzadi va allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin. Endi bir o‘ylab ko‘ring, siz avvalgi «taqdiri» nima bo‘lganini bilmagan baklashkada sut sotib oldingiz, uning salomatligingiz uchun hech qanday ziyoni yo‘qligiga kafolat bera olasizmi? Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, bakteriyalarning eng ko‘p miqdori ham aynan uning «bo‘yin tomonida» to‘planib, keyinchalik ular oziq-ovqat zaharlanishiga sabab bo‘ladi. Do‘kondan sotib olinadigan suv to‘ldirilgan yelim idishning yorlig‘iga qarang. Undagi “PET” yoki “PETE” deya aylanaga olingan yozuvlar idishni faqat bir marta ishlatish kerakligining belgisi ekan. Faqatgina bir marta idishdan foydalandingizmi, uni qayta ishlash korxonasiga topshirishingiz kerak, sutchi xotinlarga emas..! Biroq biz «rahmdillar» baklashkaning «umri»ga umr qo‘shib, uni kerak bo‘lsa, yillar davomida «dastyor»imizga aylantirib olamiz. U xohlasak, suv idish, xohlasak sut solinadigan yoki yog‘ saqlanadigan idishga aylanadi. Shunda o‘ylab qolasan kishi, xalqimizga yelim idishlarning zarari to‘g‘risida yetarlicha axborot berilmagan, ularni takror ishlatishning zarari haqida bilishmaydi yoki bilishsada o‘z sog‘ligiga o‘zlari jabr qilib charchashmaydi..! Ba’zida chiqindi yig‘iladigan konteynerlar oldidan o‘ta turib, katta xaltaga konteyner ichidan axtarib, yelim idish yig‘ib yurganlarga ko‘zimiz tushadi. Shunda, «nima bo‘lsa ham bu idishlar sutchilarning qo‘liga tushmasinda» deb o‘ylab qo‘yaman. Kim biladi deysiz, baklashka to‘la xaltalar kimga yoki qayerga «nasib etishi»ni. Undan ko‘ra, yelim, plastmassa idishlar uchun alohida konteynerlar qilinib, ular to‘g‘ri qayta ishlash korxonasiga olib borilgani yaxshi emasmi?! Esimni tanibmanki, xo‘roz qichqirig‘idan avval «sut, malako» ovozi… Mana hozirgacha shu ovoz… biroq sut sotish uslubi ham hali-hamon «eski hammom, eski tos»ligicha qolgan. Undan ko‘ra, bo‘sh sotiladigan yangi yelim idishlarni sotib olib, shuning ichiga sut to‘ldirib sotishsa bo‘lmaydimi? Mayli, bir-ikki so‘m, qimmat bo‘lar, biroq inson sog‘ligi puldan ustun emasmi?! Do‘konlarda qutida qadoqlangan sut va sut mahsulotlari sotiladi, biroq u ko‘chadagidan ikki baravar qimmat. Pulini tirikchilikka zo‘rg‘a yetkazayotganlar do‘kondagidan ko‘ra, ko‘chadagi sutchi xolalarning hamyonbop sutini afzal bilishadi. Biroq shuning ortidan ham kasallik tayog‘i kambag‘al bechoraning boshida sinmasa bo‘lgani..!

Mahfuza PO‘LATOVA,
O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti talabasi