TDYU yuridik texnikumlar faoliyatiga ko‘maklashadi

25 avgustdan yurtimizning barcha hududlaridagi yuridik texnikumlar o‘quvchilardan hujjatlarni onlayn qabul qilishni boshlaydi. Shundan so‘ng abituriyentlarni test sinovlari kutmoqda. Har ikkala jarayonning maksimal ravishda ochiq va shaffof bo‘lishiga jiddiy e’tibor qaratilgan. Kuni kecha yuridik texnikumlar faoliyatiga doir shu va boshqa tashkiliy masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Videokonferensiya formatida o‘tgan yig‘ilishda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahimjon Hakimov, hududiy adliya boshqarmalari hamda yuridik texnikumlar rahbarlari ishtirok etdi.

Adliya vazirligi yuridik texnikumlari faoliyati Prezidentimizning 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq takomillashtirilmoqda. Shunga ko‘ra endilikda mazkur ta’lim muassasalariga qabul test sinovlari asosida amalga oshiriladi. Ta’lim esa kredit-modul tizimi bo‘yicha olib boriladi. Bunday yondashuv o‘quvchilarga mutaxassislik fanlarini chuqur o‘rganish imkonini berib, pirovard natijada yuridik kadrlar raqobatbardoshligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ta’kidlash joiz, yuridik texnikumlarda ta’lim jarayonini sifatli va samarali tashkil etishda Toshkent davlat yuridik universiteti alohida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Jumladan, texnikumlar uchun bugungi kun talablariga mos o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, ta’lim mazmunini takomillashtirish, axborot-resurs ta’minotida universitet yaqindan yordam beryapti. Yig‘ilishda TDYU rektori Rahimjon Hakimov bu haqda to‘xtalar ekan, oliy o‘quv yurti jamoasi o‘rta ma’lumotli yuridik kadrlarni tayyorlash masalasiga bundan keyin ham jiddiy e’tibor qaratishini hamda tegishli ta’lim muassasalariga o‘quv-uslubiy ko‘mak ko‘rsatishga doimo shay ekanini aytdi.
Shu o‘rinda muhim qayd: yuridik texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan yigit-qizlar Toshkent davlat yuridik universitetiga test sinovlarisiz, suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi. Bu huquqshunoslik sohasini egallashga mahkam bel bog‘lagan yoshlar uchun ham qo‘shimcha imkoniyat, ham rag‘bat demakdir.
Yig‘ilishda yuridik texnikumlarda ta’lim sifatini talab darajasiga yetkazish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov buning uchun, avvalo, pedagoglar sifat-saviyasini oshirish, o‘quv jarayoniga eng malakali mutaxassislarni jalb qilish zarurligini urg‘uladi.
– Korrupsiya, tanish-bilishchilikka aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi! – dedi vazir. – Qabulda ishlayotganlarga ham talabimiz shu! Pora olgan yoki ta’magirlik qilgan rahbar va xodimlar bilan darhol xayrlashamiz.
Yuridik texnikumlarga ishga qabul qilish tizimi endilikda shaffof bo‘lishi kutilmoqda. Nomzodlarni maxsus komissiya saralaydi, ular bilan suhbat jarayoni boshidan oxirigacha onlayn translyatsiya qilib boriladi. O‘z navbatida, sohasini mukammal egallagan, halol va vijdonli pedagoglarni rag‘batlantirishga imkoniyat yaratilmoqda. Bunga texnikumlarga tabaqalashtirilgan kontrakt to‘lovidan tushgan mablag‘ni mustaqil tasarruf etish huquqini berish orqali erishiladi.
— Hozir yuridik texnikumlarda zamonaviy pedagog kadrlarga ehtiyoj har qachongidan ham yuqori, — dedi Toshkent davlat yuridik universiteti rektori R.Hakimov. — Chunki ta’lim sifatiga katta talablar qo‘yilyapti. Shu nuqtai nazardan men bitiruvchilarimiz salohiyatidan foydalanishni taklif qilaman. Sababi ular kredit-modul tizimi nimaligini biladi. Demakki, texnikumlar faoliyatida joriy qilinayotgan yangiliklarni qiynalmay o‘zlashtira oladi.

Yig‘ilishda yuridik kadrlar tayyorlaydigan har bir o‘rta maxsus ta’lim muassasasi kredit-modul tizimi qanday ishlashini mukammal tushunib olishi zarurligi qayd etildi. Bu bo‘yicha mutaxassislarni sertifikatlashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiqligi aytildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan yig‘ilishning boshqa ishtirokchilari ham o‘z fikr-mulohaza va takliflari bilan o‘rtoqlashdi.

Toshkent davlat yuridik universiteti
jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi