TDYU magistraturasida 150 nafar talaba o‘qiydi

Toshkent davlat yuridik universiteti rektori Rahimjon Hakimov talabalar bilan onlayn muloqot o‘tkazdi.
Tadbirda yangi o‘quv yiliga ko‘rilayotgan tayyorgarlik hamda magistratura bosqichiga qabul jarayoni xususida so‘z bordi.
Qayd etilganidek, joriy o‘quv yilda magistraturaga sakkizta mutaxassislik bo‘yicha 150 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi. 2 ming 789 nafar nomzod hujjat topshirgan. Avvalgi yillardan farqli o‘laroq, abituriyentlar test sinovidan o‘tkaziladi. Buning uchun barcha sharoitlar muhayyo etilgan.
— Magistraturaga qabul kvotasi deyarli ikki baravarga oshdi, — qayd etdi TDYuU rektori Rahimjon Hakimov. — Hozir bir o‘ringa 19 kishi to‘g‘ri kelmoqda. Aksariyat abituriyentlar davlat boshqaruvi huquqi, mehnat huquqi, jinoyat qonunchiligini qo‘llash nazariyasi va amaliyoti mutaxassisliklarini tanlagan. Ularga qulaylik yaratish maqsadida imtihon savollariga doir o‘quv materiallari va yordamchi manbalar universitet veb-sayti — www.tsul.uz ga joylashtirib borilmoqda.

Muloqot davomida magistratura uchun belgilangan to‘lov-shartnoma va tabaqalashtirilgan kontrakt miqdori xususida ma’lumot berildi. Masofaviy ta’limni rivojlantirish, onlayn o‘quv mashg‘ulotlarini uzluksiz olib borish, video darslar va elektron darsliklar bazasini yaratish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar ko‘rilayotgani aytildi.
— Pandemiya tufayli an’anaviy ta’limga sezilarli o‘zgartirishlar kiritishga majbur bo‘lyapmiz, — dedi R.Hakimov. — Sentyabrda ta’lim jarayoni to‘liq masofaviy shaklda olib boriladi. Magistrantlar oktyabr oyidan o‘qishga kirishishi kutilmoqda. Karantin sharoitida talabalar zarur bilim va ko‘nikmalarni o‘z vaqtida egallashini ta’minlash maqsadida www.distant.tsul.uz masofaviy ta’lim platformasini ishga tushirdik. Unga video darslar, ma’ruza matnlari, imtihon savollari va boshqa resruslar joylashtirilmoqda. Kompyuteri yo‘q talabalarga zarur texnikani vaqtincha foydalanishga taqdim etamiz. Qolaversa, tuman va shahar adliya bo‘limlari tomonidan ularga bepul internetdan foydalanish imkoniyati yaratib beriladi.
Muloqot davomida talabalar rektorga o‘z savol va takliflari bilan murojaat qildi.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi