Matematika fani tadqiqida O‘zMU va MARA universiteti olimlari hamkorligi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti Malayziyaning Mara texnologiya universiteti (Universiti texnologi MARA (UiTM) bilan hamkorlikda “Hisoblash modellari va texnologiyalari” O‘zbekiston-Malayziya xalqaro onlayn konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
Toshkent vaqti bilan soat 8:00. Konferensiya noan’anaviy tarzda- videorolik namoyishi orqali ishtirokchilarni o‘z atrofiga jamladi. Videorolikda malayziyalik olimlarning samolyotdan tushib, Toshkent Xalqaro aeroportida kutib olinishi va Toshkent bo‘ylab sayohati, shundan so‘ng O‘zbekiston Milliy universitetiga tashrifi virtual tarzda aks ettirilgan. Keyin ikki davlatning ilmiy hamkorlik aloqalariga bag‘ishlangan rolik namoyish etildi. Butun dunyoda pandemiya davom etayotgan ayni kunlarda mazkur virtual video orqali malayziyalik mehmonlar o‘zlarini xuddi O‘zbekistonga tashrif buyurgandek his etadilar.
Konferensiyaning ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Vsévolod Ivánovich Romanovskiy nomidagi Matematika instituti Hisoblash matematikasi laboratoriyasi mudiri Abdullo Hayotov, fizika-matematika fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senatori, akademik, fizika matematika fanlar doktori, Vsévolod Ivánovich Romanovskiy nomidagi Matematika instituti direktori Shavkat Ayupov, texnologiya universiteti professori Xayrani Xayran o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tishdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Milliy universiteti Ilmiy ishlar bo‘yicha prorektori Raima Shirinova O‘zMU rektorining konferensiya ishtirokchilariga tabrik nutqini o‘qib berdi.
Anjuman doirasida MARA texnologiya universiteti Kompyuter va matematika fanlari (Computer and Mathematical Sciences) fakulteti dekani professor Haryani Haron (Haryani Haron), O‘zbekiston Milliy universiteti Amaliy matematika va intellektul texnologiyalar fakulteti Hisoblash matematikasi va axborot texnogiyalari kafedrasi mudiri, konferensiya tashkiliy qo‘mitasi raisi, fizika-matematika fanlari nomzodi dosent Mirzoali Xudoyberganovlar o‘zlarining ma’ruzalari bilan ishtirok etishdi. Ikki xalqning mustaqillik bayrami bir kunga to‘g‘ri kelgani munosabati bilan tadbir ishtirokchilarini konferensiya tashkiliy qo‘mitasi tomonidan muborakbod etishdi. O‘zbekiston-Malayziya xalqaro onlayn konferensiyasi birinchi kundagi yalpi majlisida MARA texnologiya universiteti professori Daud Muhammad (Prof., Dr. Daud Mohamad) esa universitetimizda tashkil etilgan yangi fakultet “Amaliy matematika va intellektul texnologiyalar” nomi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan “Fuzzy Decision Making with Missing Information” mavzuda qiziqarli va sermazmun ilmiy ma’ruza qildi.
Dunyoning 10 dan ortiq davlatidan 400 nafarga yaqin ishtirokchilar qatnashayotgan mazkur konferensiyaning asosiy maqsadi ham matematikasining nazariy va amaliy jihatlarini uyg‘unlashtirish, fanni boshqa yo‘nalishlar bilan o‘zaro bog‘lash, ikki davlat o‘rtasidagi ilmiy hamkorlikni rivojlantirishdan iborat.
Konferensiya o‘z ishini hisoblash matematikasi, hisoblash texnologiyalari, axborot xavfsizligi, injenerlik texnologiyalari, hisoblash algebrasi, funksiyalar nazariyasi, noravshan tahlil, amaliy matematika, matematik modellashtirish, amaliy statistika, suyuqlik dinamikasi, interval analiz kabi yo‘nalishlar asosida davom ettirdi. Onlayn konferensiya ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.
O‘zMU Axborot xizmati