Sherzod SHERMATOV: 11 yo‘nalishda variativ o‘quv rejalari tajriba-sinovdan o‘tkaziladi

Bugun boshlangan “Xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etish – inson kapitalini rivojlantirish omili” mavzusidagi onlayn vebinarda O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov tizimda amalga oshirilgan islohotlar va kelgusidagi vazifalar xususida so‘zlab berdi.
– Ma’lumki, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida ta’lim tizimini rivojlantirish borasida ham mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan, – dedi Sh.Shermatov. – O‘tgan yili READ dasturining ko‘magida moskvalik ekspertlar ishtirokida Moskva, Toshkent va Samarqand shaharlarida o‘tkazilgan seminarlar o‘z samarasini ko‘rsatib, o‘qituvchilar malakasini oshirishda muhim omil bo‘ldi.
O‘zbekistonda ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, ta’lim sifatini oshirish, mamlakatimizning xalqaro nufuzini mustahkamlash masalalari davlat siyosati darajasiga olib chiqilgan.
Bu borada, umumiy o‘rta ta’lim tizimini takomillashtirish bo‘yicha islohotlar amalga oshirilayapti. Xalq ta’limi tizimini rivojlantirish va takomillashtirish borasida 17 ta O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarori, 42 ta Hukumat qarori qabul qilindi.
Prezidentimizning 2019 yil 29 apreldagi farmoni bilan tasdiqlangan va xalq ta’limi tizimini isloh qilishga qaratilgan, ushbu sohani 10 yillik strategiyasini belgilab beruvchi “Xalq ta’limi tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi”ni alohida ta’kidlash joiz. Mazkur konsepsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlarida 2030 yilga kelib O‘zbekiston PISA reytingida top 30 ilg‘or davlat qatoridan o‘rin olishi belgilangan.
Pandemiya sharoitida 2019-2020 o‘quv yili “online-maktab” loyihasi orqali 3 telekanalda videodarslarni namoyish qilish bilan yakunlandi. Loyiha doirasida 210 o‘qituvchini jalb qilgan holda 3904 videodars tasvirga olindi.
Onlayn darslarning sifati va samarasini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan ijtimoiy so‘rovnomada 40 mingdan ortiq ota-ona ishtirok etdi va 78 foiz ishtirokchilar videodarslardan qoniqqanliklarini e’tirof etgan.
Shuningdek, 7, 8, 9-sinflar uchun tasvirga olingan televizion darslarda o‘quvchilarning funksional savodxonligini rivojlantirish, PISA formati bilan tanishtirish maqsadida PISA topshiriqlaridan ham foydalanildi.
Shu bilan birga, yozgi ta’til davrida o‘quvchilarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida 2020 yil 15 iyundan boshlab, “Onlayn to‘garak” loyihasi doirasida 610 ta (shundan 305 ta o‘zbek 305 ta rus tillarida) videomashg‘ulotlar tasvirga olindi va efirga berib borilmoqda.
Fan o‘qituvchilarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash maqsadida ular uchun qisqa muddatli “Onlayn kasbiy rivojlantirish” loyihasi doirasida 574 ta videodars tasvirga olindi. Shundan 60 tasi xalqaro tadqiqotlar yuzasidan bo‘lib, 6 soatiga Ta’lim inspeksiyasi huzuridagi Milliy markaz xodimlari ham jalb etildi.
O‘quvchilar bilimi, davomati monitoringini avtomatlashtirish maqsadida elektron jurnal “Kundalik” platformasi tajriba-sinovdan o‘tkazilib, Toshkent shahrida qog‘oz jurnallar bekor qilindi.
O‘quvchilarning o‘zi qiziqqan fanlarni chuqur o‘rganishiga sharoit yaratish maqsadida bitiruvchi sinflarda (10-11-sinflar) variativ o‘quv rejalar 5 ta yo‘nalishda tajriba-sinovdan o‘tkazildi. Joriy o‘quv yilidan boshlab to‘liq amaliyotga joriy etilmoqda.
Xususiy maktablar faoliyatini litsenziyalash soddalashtirilishi hamda ularga shahodatnoma va attetstatlarni berish huquqi berilishi natijasida nodavlat umumta’lim muassasalari soni 6 barobarga oshdi. Ular hozir 137 taga yetdi.
AQSH xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) 50 million AQSH dollar granti mablag‘lari hisobiga boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining o‘qish savodxonligi (EGRA) va matematik savodxonligini (EGMA) baholash, barcha ingliz tili o‘qituvchilarining til bilish darajasini baholash va ularning malakasini oshirish (English Speaking Nation loyihasi), axborot texnologiyalarini o‘qitish bo‘yicha dasturlar hamda o‘quv qo‘llanmalarini takomillashtirish (IT Nation loyihasi) loyihalari amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda inson kapitalini rivojlantirish hamda xalqaro hamjamiyatda sifatli ta’limni ta’minlash yo‘lida kelgusida amalga oshiradigan vazifalarimizni belgilab olganmiz. Ilg‘or xorijiy tajribalar va xalqaro baholash dasturlari talablarini o‘rgangan holda umumiy o‘rta ta’limning Milliy o‘quv dasturi loyihasi tayyorlanadi va bosiqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi. Shuningdek, yangi o‘quv yilidan boshlab 11 yo‘nalishdan iborat variativ o‘quv rejalarini tajriba-sinovdan o‘tkazish amalga oshiriladi.
Yangi davr pedagoglarini tarbiyalash, pedagogika ta’limi sohasida yuksak mahoratli, xalqaro tajriba va metodikalarni mukammal o‘zlashtirgan mutaxassislarni tayyorlash maqsadida chet el hamkorlar bilan birgalikda Xalq ta’limi vazirligi tasarrufida “Tashkent International University of Education” nodavlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.

uza.uz