Sog‘lig‘imiz o‘zimizga kerak-ku…

Bekatdagi suhbatdan:
— G‘ayratjon, yaxshimisiz?
— Ey-ey, kimni ko‘rib turibman, Bozorvoy aka, bormisiz?! Karantin, deb uydan chiqmay qo‘ydingizmi deyman…
— Shukr, yomonmas. Shu desangiz, karantindan oldin o‘g‘ilchani unashtirib qo‘ygan edik. Necha oydirki karantin cho‘zilib, to‘yni boshlay olmayotgandik. Mana, oh-vohimiz Allohga yetib, karantin ham nihoyalab qoldi.
— Ha, shunday.
— Lekin to‘yda mehmonlar soni 30 kishidan oshmasin, deb belgilanibdi. Oila a’zolarimizning o‘zi shuncha chiqadi-ku, deb biroz o‘ylanib turibman…
— Unda nima qilasiz?
— Shunga… Uchta to‘y qilyapman, deb 30 nafardan 90 nafar mehmon chaqirmoqchiman.
— Qanday bo‘larkan?
— Qantday bo‘ladi-da. Biri o‘g‘limning nikoh to‘yi, ikkinchisi nevaramning sunnat to‘yi, uchinchisi kampirim ikkimizning yubiley to‘yimiz-da G‘ayratjon.
— Lekin boplabsiz! Meni qay biriga taklif etmoqchisiz?
— Uchalasiga ham kelavering. Birov gapirsa, 90 nafardan oshgan mehmonlarni xizmatdagilar, deb aytaman. Axir 3 ta to‘yni xizmati ozmuncha bo‘ladimi. Shunday qilib nari borsa 150 nafarcha mehmon keladi…

***
Yarim yillik karantin chora-tadbirlari, uzaytirilgan mehnat ta’tillari, kasallik bilan olishayotgan minglab bemorlaru tinim bilmay ishlayotgan shifokorlar… Bularning barini ko‘ra-bila turib ham to‘gri xulosa chiqarmabmiz-da! Go‘yo sog‘ligimiz o‘zimizga emas shifokorlarga, davlatga kerakdek. Sinovli kunlarda mutasaddilar o‘z vazifasini qo‘lidan kelguncha bajarmoqda. Biz-chi, belgilangan qoidalarga qanchgalik rioya etyapmiz?

Ma’mura XUSINOVA