TDYU huquq sohasidagi istiqbolli kadrlarning xorijda o‘qishini moliyalashtiradi

Yangi o‘quv yilidan Toshkent davlat yuridik universiteti iqtidorli talabalar, xodimlar hamda istiqbolli bitiruvchilariga xorijda o‘qish uchun stipendiya taqdim etadi. Maxsus tanlovdan o‘tgan nomzodlar dunyoning yetakchi o‘quv va ilmiy muassasalarida magistratura yoki doktorantura tahsilini davom ettirishi mumkin. Bu bo‘yicha universitet rektorining alohida buyrug‘i imzolandi.
TDYU ilmiy boshqarmasi boshlig‘i Ikrom Ergashevning ma’lum qilishicha, stipendiyaga talabgorlar ariza va hujjatlarini dastavval fakultet ishchi guruhiga taqdim etadi. Bu jarayon 17-21 avgust kunlari elektron tarzda tashkil qilindi. Keyingi bosqichda o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor boshchiligidagi universitet komissiyasi har bir nomzod bo‘yicha o‘z xulosasini berishi kerak. Bunda talabgor tanlagan oliy ta’lim yoki ilmiy muassasaning nufuzi, u yerda o‘qish xarajatlarining miqdori, egallamoqchi bo‘lgan mutaxassisligiga universitetda qanchalik ehtiyoj borligi, chet tilini bilish darajasi, o‘qish, ilmiy yoki kasbiy faoliyatidagi yutuqlariga alohida e’tibor qaratiladi.
— Universitet o‘zi tayyorlayotgan huquqshunos kadrlar dunyoning yetakchi ta’lim dargohlarida bilimini mustahkamlashi va tajriba orttirishidan manfaatdor, — qayd etdi I.Ergashev. — Bunday yondashuv pirovard natijada mamlakatdagi huquqiy ta’lim va fan rivoji, sohada nafaqat malakali, balki zamonaviy mutaxassislar safining kengayishiga olib keladi. Inchunin, Prezidentimizning joriy yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida ham kadrlar sifatini oshirish masalasiga ustuvor ahamiyat berilgan. Shuni nazarda tutib, bo‘lg‘usi stipendiatlarga xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar reytinglarining birinchi mingtalik ro‘yxatidan o‘rin olgan oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish shartini qo‘yyapmiz.
Yana bir gap. Kasbimda yuksalaman, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shaman, degan mutaxassis borki, jahondagi ilg‘or universitetlar darsxonasida saboq olishga intiladi. Toshkent davlat universiteti mana shunday ezgu maqsadlarga esh yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Shu bois ham to‘lov masalasida ularga yordam berish tashabbusini bildirdi. Albatta, har qanday tanlov sog‘lom raqobat ruhida o‘tishi, adolat asosiy mezon qilib olinishi, hammaga teng sharoit va imkoniyatlar yaratilishi darkor. Biroq oramizda ijtimoiy ahvoli tufayli boshqalarga qaraganda ko‘proq e’tiborga muhtoj insonlar ham uchraydi. Ular haqida qayg‘urmoq insoniy burchimizdir.
Yuqoridagi mantiq-mulohazadan kelib chiqib, TDYU rahbariyati xorijda o‘qish xarajatlarini qoplash uchun o‘tkaziladigan tanlovda davlat himoyasiga olingan yetim bolalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan fuqarolar hamda kam ta’minlangan oilalar farzandlariga muayyan ustunlik berish huquqini o‘zida saqlab qolmoqda.
Tanlovning yakuniy natijalari sentyabr oyida e’lon qilinadi.

Toshkent davlat yuridik universiteti
jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi