Oʻzbekistonda yoshlar uchun “Ilhom” mukofoti taʼsis etildi

Hukumat qarori bilan “Ilhom” mukofoti taʼsis etildi.

Qarorga muvofiq, “Ilhom” mukofoti bilan taqdirlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Mukofot shoir va yozuvchilar hayoti hamda ijodini oʻrganish, ularning asarlarini tarjima qilish, shu asosda tadqiqotlar oʻtkazish, kino va sahna asarlari yaratish kabi maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy-ijodiy jarayonlarda eng yuqori natijalarga erishgan oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan hamda faoliyat yuritayotgan yoshlarga beriladi.

Mukofot uchun tanlovni yuqori saviyada oʻtkazishga Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi masʼul hisoblanadi.

Tanlovda respublikamizdagi barcha OTM ishtirok etishi mumkin.

Tanlov ikki – dastlabki saralash va asosiy tanlov bosqichlarida oʻtkaziladi.

Dastlabki saralash bosqichida nomzodlar OTM miqyosida test savollari orqali saralanadi.

Test savollari milliy adabiyotimizning durdona asarlari, adib va mutafakkirlarning boy maʼnaviy merosi, shoir va yozuvchilarning hayoti va ijodini qamrab oluvchi 50 ta savoldan iborat boʻladi.

Test natijalariga koʻra, eng yuqori ball toʻplagan 3 nafar nomzod OTM rektorining taqdimnomasi asosida keyingi bosqichda ishtirok etishi mumkin.

OTMda saralangan nomzodlarning hujjatlari rasmiylashtirilib, har yili 15-aprelga qadar tanlovni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmitaga taqdim etiladi.

Tashkiliy qoʻmita tomonidan 1 oy davomida taqdim etilgan ishlarning ijtimoiy ahamiyati, mavzuning yoritilishi, talqinning oʻziga xosligi, asarning badiiyligi boʻyicha har bir talab 5 ballik tizimga binoan baholanadi.

Tanlov gʻoliblari quyidagicha taqdirlanadi:

1-oʻrin uchun – “Spark” avtomobili, maxsus diplom va statuetka;

2-oʻrin uchun – 30 mln. soʻm pul mukofoti, maxsus diplom va statuetka;

3-oʻrin uchun – 15 mln. soʻm pul mukofoti, maxsus diplom va statuetka.

Mukofot bilan taqdirlash har yili Adiblar xiyoboni ochilgan kun – 20-mayda “Katta adabiyot bayrami” haftaligi doirasida amalga oshiriladi.

OʻzA