Bizda yangilik chet elda esa oddiy holat

Ijtimoiy tarmoqlarning birida qiziq yangilikni o‘qib qoldim. Gap shundaki, Xitoyning Guanchjou shahrida uyni aylanib o‘tgan shosse qurildi. Sababi uyni egasi yerni sotishdan bosh tortgan. Aslida bu xitoyliklar uchun yangilik emas odatiy xol. Bizda odamlar shahar atrofi yoki unga yaqin joydan uy sotib olishdan oldin yetti o‘lchab bir kesadi. Chunki, ularni bu yerlar bir necha yillardan keyin buzib tashlanishi xavotirga soladi. Vaqti kelib bu gumonlar haqiqatga aylanganda esa ortiqcha gap so‘zsiz va eng muhimi qilgan xarjlariga nisbatan kamroq takliflarni qabul qilishadi. Shuning uchun ham yuqorida aytgan ma’lumotim biz uchun yangilik. Buni o‘qib xalqimiz baraka topsin deb qo‘ydim ichimda. Buni qarangki, shahar rasmiylari uy egasidan yerni sotib olishga 10 yil davomida harakat qilgan, lekin buning uddasidan chiqa olmagan. Shu sababli loyihaga o‘zgartirish kiritilgan va uy to‘rt polosali ko‘prikning o‘rtasidagi chuqurlikda qolgan. Qiziq holat, shunday emasmi? Bizning rasmiylar esa mulk egasiga juda qisqa vaqt beradi, shu bilan masala hal. Xar bir ishning xayrli tomoni bo‘ladi deganlaridek, rasmiylarning aytishicha, bunday uylar sayyohlarni o‘ziga jalb etib, mamlakatda turizmning yanada rivojlanishiga turtki bo‘ladi, mahalliy OAVlar esa bunday uylarning taqdirini kuzatib borar ekan. Agar bizda ham shunaqa holatlar uchraganda bormi, turistlar daryodek oqib kelishi tayin edi. Ha aytgancha, Xitoyda quruvchilarni smetaga o‘zgartirish kiritishga majbur qiladigan uy egalarini «mixlar» deb atashar ekan. Bizda esa quruvchilar baxtiga bunday «mixlar» yo‘q.

Islomjon OMONJONOV
“Nuroniy” gazetasi muxbiri