Sportga oshno oila

Yaxshi anglaymizki, doimiy ravishda sport bilan shug‘illanishning hayotimizda tutgan o‘rni beqiyosdir. U insonning ruhan va jismonan yetuk bo‘lishida katta ahamiyat kasb etadi. Qolaversa, sport bilan muntazam shug‘ullanish uzoq umr ko‘rishning eng oddiy yo‘li hisoblanadi. O‘z navbatida ertalabki badantarbiya asablarni tinchlantiradi.
Qashqadaryo viloyati, Qarshi shahridagi 19-umumta’lim maktabining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi G‘olib Abdullayev ham har tongda oila a’zolari bilan birgalikda ertalabki badantarbiya mashg‘ulotlarini kanda qilmaydi.
— Uy sharoitida jismoniy mashqlar bajarish yoki biron sport turi bilan shug‘ullanish juda ko‘plab kasalliklarga chalinishning oldini oladi, — deydi G‘olib Abdullayev. — Ayniqsa, hozirgi pandemiya sharoitida muntazam badantarbiya bilan shug‘ullanish lozim. Shunda kuni bilan tetik, yaxshi kayfiyatda yuramiz. Jismoniy tarbiya mashqlari kishiga ko‘tarinkilik va ruhiy dalda bag‘ishlaydi. Tanamizning kasalliklarga qarshi kurashuvchanlik qobiliyati ortadi.
Xotirani kuchaytirishning eng muhim sharti asablarning sog‘lom bo‘lishi hisoblanadi. Shaxmat-shashka o‘yinlari esa nafaqat asablarni tinchlantiradi, balki aqlni charxlashga ham xizmat qiladi. Abdullayevlar oilasida bu qiziqarli o‘yin o‘tkazilmagan kunning o‘zi yo‘q deyish mumkin.
Siz ham sportga oshno bo‘ling, oilangiz salomatligi haqida g‘amxo‘rlik qiling!

Ro‘ziqul OCHILOV