Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti abituriyentlariga MUROJAAT!

Avvalo, Sizni nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyodagi yagona bo‘lgan, nufuzli,fundamental bilimlar beradigan, o‘z o‘rni va an’analariga ega O‘zbekiston Milliy universitetiga hujjat topshirganingiz bilan tabriklayman.
  O‘zMU o‘z oldiga zamonaviy bilimlarni egallab, sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lishni hamda jonajon Vatanimiz ravnaqiga hissa qo‘shishni niyat qilgan intiluvchan yoshlarga o‘z maqsadlariga yetishishida ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.
Bugungi kunda butun jahonda kechayotgan pandemiya sababli mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalariga kirish imtihonlari muddatlari kechiktirildi. Bu avvalo, Siz – yoshlarning salomatligingizni o‘ylab, o‘z bilimingizni namoyon qilish uchun qulay va xavfsiz shart-sharoit yaratish maqsadida qilindi.
Muhtaram Abituriyent!
Bugungi pandemiya sharoiti bizning hayotimizda tub burilishlar yasadi. Hayotga munosabatimiz o‘zgardi. Ta’lim tizimida ham oldimizda turgan ko‘pgina masalalar borligini yana bir bor his qildik. Jamiyatimiz, qolaversa turli jabhalardagi islohotlarni siz yoshlar bilan amalga oshiramiz. Buning uchun siz bilimli, axborot texnologiyalari, chet tillarini mukammal biladigan kuchli, vatanparvar, raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishishingiz kerak. Bu yo‘lda O‘zMU jamoasi siz uchun bor imkoniyatlari, bilimi va tajribasini safarbar etadi.
Unutmang, faqat puxta tayyorgarlik va kuchli bilim bilangina talaba bo‘lish baxtiga muyassar bo‘lishingiz mumkin. Hech qachon firibgarlarning yolg‘onlariga uchmang! Korrupsiyaga yo‘l bermang va uning ishtirokchisiga aylanib qolmang.
Ishoning! Faqat haqiqiy bilim sizni talaba bo‘lishingizga asos bo‘ladi. Shunday ekan, bir daqiqa ham bilim olish va o‘z ustingizda ishlashdan to‘xtatmang. Sizga ushbu sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib olishingizda ulkan zafarlar tilaymiz. Biz sizni O‘zMUda kutamiz!
 Omad yor bo‘lsin!
 
Hurmat bilan,
O‘zbekiston Milliy universiteti rektori, professor Avazjon Marahimov