PANDEMIYA DAVRIDA TA’LIM: KIM QANDAY FIKRDA?

Yurtimizda koronavirus aniqlangan ilk kundanoq ta’lim muassasalari yopildi. Bunda birinchi navbatda ta’lim oluvchilarning salomatligi o‘ylandi. Shu tariqa ta’lim muassalarida 2019-2020-o‘quv yili onlayn tarzda yakunlandi.
Mana, sanoqli kunlardan so‘ng yangi o‘quv yili boshlanadi. Umumta’lim maktablari faoliyatini tiklash yuzasidan taklif va fikr-mulohazalar o‘rganilmoqda. Biz ham shu masalada jamoatchilik fikri bilan qiziqdik.

Malika MAHKAMOVA,
“Navoiy yoshlari” gazetasi mas’ul kotibi:

— Jurnalistika sohasida faoliyat ko‘rsatganim bois pandemiya bilan bog‘liq yurtimiz va jahondagi vaziyatni doimiy ravishda kuzatib boraman. Maktablar ochilishi masalasi dunyo bo‘yicha dolzarbligicha qolmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti vakili Ranyeri Guerra yangi o‘quv yili boshlangach, kasallanishlar soni ko‘payishi ehtimoli yuqori, degan fikrni ilgari surdi. Uning fikricha, o‘quvchilar orasida ijtimoiy masofani saqlashning iloji yo‘q. Hozirgacha bolalarning koronavirusni yuqtirish darajasi to‘liq o‘rganilmagan. 10-11 yoshgacha bo‘lgan bolalar atrofdagilarga kasallikni kamroq yuqtirishi, 12 yoshdan so‘ng o‘smirlarda infeksiyani yuqtirish qobiliyati ortishi bo‘yicha taxminlar bor.
O‘zimning ikki nafar farzandim maktab yoshida. Endi o‘ylab qarasak, birinchi navbatda salomatlik masalasi turibdi. Ikkinchi tomondan, ta’lim ularning kelajagini hal qiladi. Ochig‘i, qanday yo‘l tutish kerak, degan savolga javob berishga biroz ikkilanib turibman…

Shaxzodbek YO‘LDOSHEV,
talaba:

— Jiyanlarim maktabda o‘qiydi. Karantin davrida ularni kuzatsam, mas’uliyatsizlik hissi ortgandek: berilgan topshiriqlarni bir-birlaridan bemalol ko‘chirishyapti. Baribir maktab, sinfxona, o‘qituvchilar, dars jarayonining o‘z o‘rni bor. Kasallikka chalinishi mumkin, degan xavotirda bo‘lganlar ham bor. Ammo bolalarni uydan chiqarishmasa ham oila a’zolari orqali yuqish holatlariga guvoh bo‘lyapmiz. Yaxshisi bolalarning kasallikka chalinish ko‘rsatkichi pastligini hisobga olgan holda maktablar faoliyatiga ruxsat berish kerak. Faqat sanitariya-gigiyena va karantin talablariga rioya qilish choralarini ko‘rish lozim.

Umida KARIMOVA,
hamshira:

— Koronovirusdan himoyalanish usullari haqida butun dunyodagi olimlar va shifokorlarning tavsiyalari bir xil. Uchta eng muhim usul mavjud: qo‘llarni doimo sovunlab yuvish, niqob taqish va oraliq masofani (2 metr) saqlash. Tibbiy niqobni har 2 soatda almashtirish kerak, niqob taqilsa — virus 80 foiz nazorat qilinadi. Shu 3 ta tavsiyaga qunt bilan amal qilinsa, virus organizmga tushgan taqdirda ham, yuklamasi kamayadi va kasallik yengil kechadi. Koronovirusni nazorat qilish qiyin emas. Faqat bee’tibor bo‘lmaslik lozim. Bolalarni ta’limdan cheklamaslik va karantin qoidaliga amal qilishlarini ta’minlash, ularni shunga o‘rgatish to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Sadoqat SHARIPOVA,
uy bekasi:

— Uyda o‘tiraverib, bolalarimiz ancha diqqinafas bo‘lib qoldi. Zerikadi, injiqlanadi. Tengqurlarisiz o‘zini yolg‘iz sezadi. Maktab ochilsa, ularning ruhiyatida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatilardi. Karantin tugashini kutadigan bo‘lsak, qachon tugaydi degan savolga hech kim aniq javob berolmaydi. Bolalarimizning maktabga chiqishi tarafdoriman. Ularning salomatligiga g‘amxo‘rlik qilish uchun maktab bilan yaqin aloqa o‘rnatishimiz kerak. Shundagina farzandlarimizni kasalikka chalinishiga ham, bilimida bo‘shliq paydo bo‘lishiga ham yo‘l qo‘ymaymiz.

Ro‘ziqul OCHILOV