TDYU stipendiyasi joriy etildi

Yangi o‘quv yilidan boshlab Toshkent davlat yuridik universiteti talabalari hamda universitet qoshidagi akademik litsey o‘quvchilari uchun stipendiya va ta’lim grantlari ajratiladi.
Mamlakatimiz rahbarining 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida TDYU rahbariyati byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan iqtidorli talaba hamda o‘quvchilarni rag‘batlantirishi mumkinligi qayd etilgan.
Shunga ko‘ra endilikda talaba va o‘quvchilar yillik stipendiya yoki to‘lov-shartnoma pulining 50 foizini qoplash imkonini beradigan grant sohibiga aylanishi mumkin. Xo‘sh, buning sharti qanday?
Avvalo, nomzodlar a’lo baholarga o‘qishi va chet tilini puxta bilishi, shuningdek, Yoshlar ittifoqining universitetdagi boshlang‘ich tashkiloti tavsiyanomasiga ega bo‘lishi kerak. Tanlov jarayonida ularning ijodiy, ijtimoiy va intellektual tanlovlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, jamoat ishlaridagi faolligi ham inobatga olinadi.
Stipendiya va grantlar uchun tanlov ikki bosqichda o‘tkaziladi. Talabgorlarning hujjatlari maxsus komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Tanlov haqidagi ma’lumotlar universitetning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali berib boriladi.
Gʻoliblar ro‘yxatini respublika ommaviy axborot vositalarida e’lon qilish ko‘zda tutilgan.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi