Mustaqillikning sharafli yo‘li!

Bugungi shukuhli kunlarga shukronaliklar yarashadi.
Vatandoshlarimizni eng buyuk, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Yangi davr, ozod va erkin hayotimiz boshlangan bu qutlug‘ sanada xalqimiz qanday mashaqqatli va ayni vaqtda sharafli yo‘lni bosib o‘tganini barchamiz yaxshi his etamiz.
Eng asosiysi bugun xalqimiz ruhiyatidagi o‘zgarishlar, shukronalik tuyg‘ulari yurtimizga fayzu-baraka olib kelmoqda.
Kuni kecha muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, mehnat faxriylari hamrohligida Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
So‘nggi yillardagi yurtimizda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari, ilm-fan sohasidagi islohotlar, ta’limga bo‘layotgan e’tibor va uning asosida qabul qilinayotgan dasturlar yoshlarimizning to‘kis hayoti, jonajon O‘zbekistonimizning yangi, obod qiyofasini yaratish, xalqimiz farovonligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Birgina universitetimizda 2020-2021 o‘quv yili uchun ikkita yangi fakultet, qator yangi yo‘nalishlar, qo‘shma dastur, qo‘shma fakultetlarning ochilishi, xorijlik olimlar hamkorligi, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasining keng yo‘lga qo‘yish borasida amalga oshirilayotgan loyihalar ham ta’limdagi islohotlarning, yangilanishlarning samarasidir.
Hukumatimiz tomonidan amalga oshirilayotan ishlar, barcha sa’y-harakatlar – obodlik, bunyodkorlik va xalqimiz hayotini yaxshilashga qaratilgandir.
Vatanimiz mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan davlatimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlangan hamkasblarimiz yutuqlari bizga kuch, shijoat va faxr tuyg‘usini berdi. Talabalarimiz ham ustozlari izidan borib, yuksak e’tiroflarga sazovar bo‘lganliklaridan biz sharaf tuydik.
Ustozlarimizni fidokorona mehnatlarining bu e’tirofi ham yurtimizda ilm-fanga bo‘lgan e’tibor deb bilamiz.
Sog‘lik va tinchlik bo‘lsa barcha ishlarimiz, katta rejalarimizni amalga oshiramiz. Hozirgi global dunyoda bu juda murakkab vazifa bo‘lib qolayotganini barchamiz ko‘rib-bilib turibmiz. Hayot bor ekan, sinov bor, qiyinchilik bor. Eng muhimi bu sinovlarni matonat bilan yengib o‘tishimizda. Pandemiya biz istaymizmi yoki yo‘qmi oldimizga turmush tarzimiz, rejalarimizni kutilmagan vaziyatlarda yangi tizimga solib olishimizga sabab bo‘lmoqda. Mana shu kunlarda maktablarimizdagi ta’lim jarayonini izga solishda ota-onalarning fikr- mulohazalari, joylardagi mavjud vaziyatdan kelib chiqib, qarorlar qabul qilinishining o‘zi ham mavjud vaziyatga real qarash, ochiqlik, ko‘pchilikning fikrlarini o‘rganib, kengashish orqali yondashuvlar bo‘layotganidan dalolat bermoqda.
2020-yil hayotimizda tub islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari va sinovlarni sabr bilan yengib o‘tishimiz imtihon bo‘ladigan yil bo‘ldi. Xalqimizning buyukligi shundaki, yaratganning har bir sinovida hikmat ko‘rmoqda. Bu haqiqatni shu kunlarda yanada chuqur his etmoqdamiz.
Fursatdan foydalanib, barchangizni O‘zbekiston davlat mustaqilligining yigirma to‘qqiz yillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbdan samimiy tabriklayman.
Xonadonlaringizga fayzu-baraka, tinchlik, har biringizga mustahkam sog‘lik tilayman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!

O‘zbekiston Milliy universiteti
rektori professor Avazjon Maraximov