TDYU magistraturasida masofaviy o‘qish shakli joriy etiladi

Yangi o‘quv yilidan Toshkent davlat yuridik universiteti advokatlik faoliyati, xalqaro arbitraj va nizolarni hal etish, sport huquqi, intellektual mulk va axborot texnologiyalari huquqi kabi mutaxassisliklar bo‘yicha magistrlar tayyorlashni boshlaydi. Istiqbolda korrupsiya muammolariga doir yangi mutaxassislik ochish ham ko‘zda tutilgan.
TDYU magistratura bosqichiga 2 ming 789 nafar abituriyent hujjat topshirdi. Ularning 150 nafardan ziyodi o‘qishga qabul qilinadi. Bu safargi kirish imtihonlari test sinovlaridan tashkil topgan. Mazkur amaliyot universitetda ilk bor joriy qilinmoqda.
Yana bir yangilik shundaki, endilikda ba’zi toifadagi magistrantlar ishlab chiqarishdan ajralmagan holda masofaviy shaklda ta’lim olishi mumkin.
Prezidentimizning 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, keyingi o‘quv yilidan boshlab huquqshunoslik sohasida bakalavriatni imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilarga magistraturaga imtihonsiz kirish imkoniyati yaratiladi. Faqat bu holda ular to‘lov-kontrakt summasining 50 foizini to‘lashi hamda o‘qishni tamomlagandan so‘ng yuridik fakultetlar, litsey yoki texnikumlarda kamida uch yil uzluksiz ishlash majburiyatini zimmasiga olishi kerak.
Magistraturaga test sinovlarisiz, to‘lov-kontrakt asosida kirish imtiyozi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining markaziy apparatida kamida besh yil mobaynida yuridik mutaxassislik bo‘yicha ishlab kelayotgan rahbar xodimlarga ham tegishli. Bunday imkoniyat, shuningdek, yuridik texnikumlarning rahbar va pedagoglariga taqdim etilmoqda. Ular texnikumda kamida uch yil ishlagan bo‘lishi hamda magistraturani tamomlagach ta’lim dargohida yoxud adliya organlarida yana kamida uch yil uzluksiz ishlab berishi shart.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi