TDYUda ko‘zi ojiz abituriyentlar imtihon topshirdi

Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirish uchun ro‘yxatdan o‘tgan uch nafar ko‘zi ojiz abituriyent kuni kecha komissiya ishtirokida og‘zaki savol-javobdan o‘tkazildi.
Ochiqlik, shaffoflik va adolatni ta’minlash maqsadida sinov jarayoni ijtimoiy tarmoqlar orqali onlayn translyatsiya qilindi. Unda O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyati hamda Yoshlar ishlari agentligi vakillari ham ishtirok etgan.
Imtihon savollari tarix va chet tili fanlaridan tuzilgan bo‘lib, javoblar besh balli tizim asosida baholandi.
Eslatib o‘tamiz, hukumatning 2017 yil 20 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan Oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga talabalarni o‘qishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ko‘zi ojiz abituriyent imtihonda har bir fandan kamida “3” baho olsa, o‘qishga kirgan hisoblanadi. Bunday toifadagi shaxslar uchun davlat granti bo‘yicha alohida kvota ajratilgan.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi