TDYUda a’lochi talabalar nechta?

Toshkent davlat yuridik universitetida a’lochi talabalar reytingini aniqlash amaliyoti joriy qilindi. Buni ta’lim jarayonidagi o‘ziga xos innovatsiya deyish mumkin.
Reyting har semestr yakunida kurslar kesimida tuziladi. Bunda talabalarning fanlardan umumiy o‘zlashtirish ko‘rsatkichi asosiy mezon qilib olingan.
— Kuni kecha o‘zlashtirish darajasi yuqori bo‘lgan 150 nafardan ziyod talaba ro‘yxatini e’lon qildik, — deydi TDYU o‘quv-uslubiy boshqarmasi boshlig‘i Akrom Toshpo‘latov. — Ular haqidagi ma’lumot universitet veb-sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida joylashtirildi.
Top-50 talikka kirish har bir yigit-qiz uchun, avvalo, ma’naviy rag‘bat demakdir. Bunday e’tirof yoshlarning o‘qishga ishtiyoqini oshiradi, sog‘lom raqobat muhitida toblanishga o‘rgatadi. Ustozu murabbiylar tahsiniga sazovor bo‘lgan talabadan tengdoshlari o‘rnak, namuna olishi shubhasiz.
Yana bir gap. A’lochi talabalar reytingi ish beruvchilar uchun ham ayni muddao. Shu yo‘sinda korxona va tashkilotlar o‘zlari uchun istiqbolli kadrlarni oldindan tanlab olishi mumkin.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi