TDYU Gʻafur Gʻulom ijodini targ‘ib qiladi

Toshkent davlat yuridik universiteti Gʻafur Gʻulom nomidagi maxsus stipendiya hamda ko‘rkak nishonini ta’sis etdi.
Bunga Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 avgustdagi “Atoqli adiblar va mutafakkirlarimiz ijodiy merosini yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish hamda Adiblar xiyobonidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asos bo‘lgan.
Qarorda belgilangan vazifalardan kelib chiqib, universitetda Gʻafur Gʻulom ijodini keng targ‘ib qilish yo‘lga qo‘yilmoqda. Shu maqsadda mutasaddi rahbarlar hamda professor-o‘qituvchilardan iborat ijodiy guruh tuzildi. Tegishli mazmundagi o‘quv-ma’rifiy tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.
TDYU Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Sherzod Po‘latovning so‘zlariga qaraganda, yil davomida Gʻafur Gʻulom ijodi bilan bog‘liq kitob yarmarkalari, yangi asarlar taqdimotlari, badiiy va hujjatli filmlar namoyishi, turli tanlovlar, festivallar, viktorinalar o‘tkazish, adib yashagan manzillarga ilmiy-ma’rifiy ekspeditsiyalar uyushtirish rejalashtirilgan.
— Gʻafur Gʻulom uy-muzeyini otaliqqa olyapmiz, — qo‘shimcha qildi Sh.Po‘latov. — Tez orada universitetda Gʻafur Gʻulom xonasi tashkil qilinib, suyukli shoir va yozuvchimizning hayot yo‘li aks etgan ekspozitsiya bilan boyitiladi. Yaqinda www. gafurgulommerosi.uz saytini ishga tushirdik. Adiblar bog‘i majmuasidagi Gʻafur Gʻulom haykalini obod etish mas’uliyatini ham zimmamizga olganmiz. Kelgusida, shuningdek, Gʻafur Gʻulom asarlari asosida spektakllar sahnalashtirish, adib haqidagi xotiralar kitobini tayyorlash va nashr etish, uning ma’naviy merosini xorijda keng targ‘ib qilish, talabalarga o‘zbek adabiyotining zabardast vakillari ijodi haqida maxsus darslar o‘tish ko‘zda tutilgan.
Joriy o‘quv yilidan Toshkent davlat yuridik universitetida ta’lim olayotgan badiiy havaskor yoshlar tanlov asosida “Ilhom” mukofotiga ham tavsiya etiladi.
Gʻafur Gʻulom nomidagi maxsus stipendiyaga esa har bir fakultetdan bir nafardan talaba sazovor bo‘lishi mumkin. Nomzodlar o‘qish va ijodda faol, kitobxonlik targ‘ibotiga munosib hissa qo‘shayotgan yosh qalamkashlar orasidan tanlab olinadi. Stipendiyani qo‘lga kiritish uchun ular test sinovidan o‘tishi kerak.
Gʻafur Gʻulom nomidagi ko‘krak nishoni bilan nafaqat ijodkor talabalar, balki ilmu ma’rifatga oshno o‘qituvchilarni ham taqdirlash ko‘zda tutilgan. Bu holda g‘oliblarga bir martalik pul mukofoti taqdim etiladi.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi