TDYUda bo‘lajak notariuslar klubi tashkil etiladi

Toshkent davlat yuridik universiteti va O‘zbekiston Notarial palatasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Tadbirda ikkala muassasa vakillari, talabalar va jurnalistlar ishtirok etdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda yurtimizda notariat institutining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash hamda notarial idoralar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga huquqiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha qator islohotlar amalga oshirildi. Soha rivoji barobarida malakali mutaxassislarga ehtiyoj ham kun sayin ortmoqda.
— Notarial palata bilan aynan shu yo‘nalishda hamkorlik qilishga kelishib oldik, — ta’kidladi TDYU rektori Rahimjon Hakimov. — Prezidentimizning 2020 yil 29 apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, ta’lim jarayoniga zamonaviy yondashuv va texnologiyalarni joriy etyapmiz. Bunday yangilanishlar universitetda tayyorlanayotgan yuridik kadrlarning sifat-saviyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishiga ishonaman.

Hamkorlik memorandumi asosida TDYuU talabalariga palata markaziy apparati va hududiy bo‘linmalarida amaliyot o‘tash imkoniyati berilmoqda. Qolaversa, ularning notariat xizmatiga doir bilimini takomillashtirish maqsadida “Bo‘lajak notariuslar klubi”ni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Istiqbolli bitiruvchilar esa tashkilotda ishga olib qolinadi.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi