Yuzda yurma, yuzga kir!

Dunyoda yoshlar tarbiyasi va yurish-turishini nazoratga olish kun sayin qiyinlashib bormoqda. Bu muammo ota-onalarni tashvishga solyapti. Ayniqsa, farzandini avtomobil bilan siylagan ota-onalar doimo tashvishda yuradi. Negaligi hammamizga kundek ravshan. Yo‘l transport hodisalarining aksariyat qismini yoshlar sodir etmoqda va ko‘plarining yosh umri yo‘llarda xazon bo‘lmoqda.
Ota-onalarning farzandlariga “ehtiyot bo‘l, tez yurma”, degan gapi yoshlarning u qulog‘idan kirib, bu qulog‘idan chiqib ketishi hech gap emas. To‘g‘ri bunga amal qiluvchi yoshlar ham yo‘q emas, lekin guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. Bu “kurmaklar“ o‘zi, balki boshqalarga ham jiddiy zarar keltirmoqda. Zero, xalqimizda “yuzda yurma yuzga kir” degan naql bejiz aytilmagan. Dunyoga mashhur bo‘lgan avtomobil ishlab chiqaruvchi kompaniyalardan biri — “Volvo” bu muammoning yechimini o‘ylab topdi. Ma’lumki, Volvo xavfsizlik haqida maksimal darajada qayg‘uradigan kompaniyalardan biri. Kompaniya mahsulotlari uzoq yillar davomida eng xavfsiz mashinalar sifatida tan olib kelingan. Endilikda “Volvo” ishlab chiqargan har bir yangi avtomobil 180 km/soatdan tez harakatlana olmaydi. Gap yangi modellar haqida emas, balki kompaniyaning barcha yangi avtomobil nusxalari haqida ketmoqda.
Shu bilan birga, “Volvo” avtomobillarida tezlikni qo‘shimcha ravishda cheklash imkonini beradigan “Care Key” funksiyasi ham bor. Masalan, avtomobil egasi kalitni rafiqasi yoki farzandiga berayotganida tezlikni soatiga 100 yoki 120 kilometrdan oshmaydigan qilib cheklab qo‘yishi mumkin.
Bu yangilik ko‘plab ota-onalarni xursand qilgani tayin. Afsuski, bu texnologiya bizning avtomobillarda yo‘q, Hali-beri bo‘lmasa ham kerak. Chunki bizning “UzAuto Motors” kompaniyamiz yildan-yilga narxlarni oshirish bilan band. To‘g‘ri ularni xavfsizlik haqida o‘ylamaydi deyishimiz noto‘g‘ri albatta, lekin masalaning bu tomonlarini o‘ylab ko‘rishsa yomon bo‘lmasdi.

Islomjon OMONJONOV