“Agentlik yoshlarning tayanchi bo‘lishi kerak”

“Bizni hamisha o‘ylantirib keladigan yana bir muhim masala — bu yoshlarimizning odob-axloqi, yurish-turishi, bir so‘z bilan aytganda dunyoqarashi bilan bog‘liq. Bugun zamon shiddat bilan o‘zgaryapti. Bu o‘zgarishlarni hammadan ham ko‘proq his etadigan kim — yoshlar. Mayli yoshlar o‘z davrining talablari bilan uyg‘un bo‘lsin. Lekin ayni paytda o‘zligini ham unutmasin. Biz kimmiz, qanday ulug‘ zotlarning avlodimiz, degan da’vat ularninmg qalbida doimo aks-sado berib, o‘zligiga sodiq qolishga undab tursin. Bunga nimaning hisobidan erishamiz? Tarbiya, tarbiya va faqat tarbiya hisobidan”, degan edi prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev o‘z ma’ruzalaridan birida.
Haqiqatan ham, millat tayanchi, ertangi kun umidlari — yoshlardir. Yoshlarning kerakli bilimni egallashi uchun bugun yurtimizda barcha sharoitlar yaratilgan. Tegishli qonun hujjatlari imzolangan. Prezidentimizning 2020-yil 30-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini tubdan isloh qilish va yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamda uning hududiy boshqarma va mahalliy bo‘linmalari tashkil qilindi.
Biz agentlikning quyi bo‘g‘inlarida ishning tashkil qilinishi va borishi bilan qiziqdik. Subatdoshimiz – O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi boshlig‘i Sardor Polvonov.
— O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agetligi, birinchi navbatda, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati amalga oshirilishi, sohaga oid qonunlarga amal qilinishi ustidan davlat nazoratini olib boradi. Yoshlar bilan bog‘liq soha va yo‘nalishlarda yagona davlat siyosatini amalga oshiradi, yoshlar siyosati sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantiradi. Shuningdek, yoshlarning huquq va erkinliklarini himoya qiladi, yoshlarga oid dastur va loyihalar uchun davlat grant va subsidiyalarini taqsimlaydi. Bundan tashqari, yoshlarning kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratadi, jinoyatchilik va huquqbuzarliklar profilaktikasi bilan shug‘ullanadi. Agentlikning Xorazm viloyati boshqarmasi shu faoliyatni viloyat doirasida amalga oshiradi. Biz, avvalo, yoshlar muammolarini o‘rganishimiz, ularni tinglay olishgimiz, yoshlar bilan do‘st bo‘lib, qalbiga qo‘l sola olishimiz lozim.
Viloyatda hokimlarning yoshlar masalalari bilan shug‘ullanuvchi o‘rinbosarlari va tashkilotlar faoliyati qanday? Ular bilan hamkorlikning muhim jihatiga to‘xtalsangiz.
— Viloyatda hokimlarning yoshlarga oid davlat siyosati bilan shug‘ullanuvchi o‘rinbosarlari faoliyati barcha hududlarda ham qoniqarli emas. Xususan, muammoli hududlarda yoshlarga oid davlat siyosati amalga oshirilishini qattiq nazorat qilishimiz shart. Yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oishirilishi bu birgina Yoshlar ishlari agentligi va Yoshlar ittifoqining vazifasi emas. Balki yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga imkon yaratish, barcha tashkilotlar va mutasaddilar uchun davr talabi bo‘lishi kerak. Chunki yoshlar — bizning kelajagimiz. Ertangi kun ularning qo‘lida. Shundan kelib chiqqan holda ta’lim sohasi bo‘ladimi, sportmi, madaniyat va san’atmi, ijtimoiy yoki boshqa sohami – biz samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yibgina yaxshi natija ko‘rsata olamiz.
Ayni pandemiya sharoitida agentlik viloyatda qanday ishlarni bajarmoqda?
— Karantin davrida viloyatdagi muhtoj oilalarga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida viloyat Yoshlar markazida “koll-sentr” tashkil etildi. 10 nafar ko‘ngilli yoshlar markazda muntazam faoliyat yuritdi. “Sahovat va ko‘mak” harakati doirasida Urganch shahrida 40 nafar, barcha tuman (shahar)larda jami 225 nafar ko‘ngilli yoshlar “koll-sentr”larda shuningdek, murojaatlarga asosan zarur oziq-ovqat hamda dori-darmon vositalarini yetkazib berishda faol ishtirok etdi.
Karatin davrida fuqarolardan “koll-sentr”larga 12 mingdan ortiq murojaat qayd etilgan bo‘lsa, viloyat Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda mahalliy hokimliklar bilan birgalikda 8 mingga yaqin murojaat qanoatlantirilgan. 4426 tasi bo‘yicha zarur oziq-ovqat va dori-darmon vositalari yetkazib berish choralari ko‘rildi.
Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yoshlarni qiynayotgan muammolarni tezkor aniqlash va yechim topish maqsadida viloyat boshqarmasida ishonch telefoni (226-16-16), telegram ijtimoiy tarmog‘ida yoshlar murojaatlarini qabul qilish maqsadida bot manzil (@Xorazm_yoshlari_2020) tashkil qilindi.
2020-yilda ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha “Manzilli reja”ga asosan bandlik jamg‘armasi orqali haq to‘lanadigan jamoat ishlariga 1 096 nafar yoshlar, Qurilish sohasida 30 nafar yoshlar hamda boshqa yo‘nalishlarda, jumladan, “Yoshlar – kelajagimiz” va “Har bir oila tadbirkor” Davlat dasturlari, o‘tkazilgan bo‘sh ish o‘rinlari “Mehnat yarmarkalarida” 890 nafar yoshlarning bandligi ta’minlandi.
Joriy yil uchun ishlab chiqarilgan “Manzilli reja”ga asosan, jami 26 ming 816 nafar (2020-yil 1-sentabr holatiga) yoshlarning bandligi ta’minlandi. Bu yillik reja 92,6 foizga bajarilganini bildiradi.
Yoshlarga oid muammo va masalalarni joyida o‘rganish maqsadida “Yoshlar qabul kunlari”ni o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi. “Yoshlar qabul kunlari” muntazam ravishda 4 sektor rahbarlari ishtirokida tuman(shahar)larda o‘tkazilmoqda.
Aytishim kerakki, Yoshlar ishlari agentligining vakolatlari keng, imkoniyatlari ko‘p. Yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga olib chiqa oladi. Biz esa bu borada kuch va bilimimizni ayamaymiz. Gʻoyalarimiz, takliflarimiz, o‘ylab qo‘ygan loyihalarimiz ko‘p. Tez orada ularni OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali e’lon qilamiz.

Ma’mura XUSINOVA