Pandemiya sharoitida Sudyalar oliy maktabida ta’lim jarayoni

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 6-yanvardagi “Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini oshirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4096-qarori mamlakatimizda sud hokimiyatining mustaqilligini yanada kuchaytirish, professional sudyalar korpusini shakllantirishda muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur qarorga muvofiq yurtimizda ilk bor sudyalikka nomzodlarni tayyorlash, sudyalar va sud apparati xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish uchun mas’ul bo‘lgan davlat ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi – O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzurida Sudyalar oliy maktabi tashkil etildi.
Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash, rahbarlik lavozimlariga sudyalarni qayta tayyorlash, sudyalar va sudlar apparati xodimlarining malakasini oshirishning yagona tizimini tashkil etish Sudyalar oliy maktabining asosiy vazifalari sifatida belgilandi.
2019-yil 10-yanvaridan grant asosida sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tayyorlash kurslarida bir yillik magistratura ta’lim dasturi bo‘yicha amalga oshiriladigan sudyalik lavozimlarini egallash uchun yuqori malakali kadrlarni o‘qitish, davomiyligi ikki oy bo‘lgan rahbarlik lavozimlarini egallash uchun zahirada bo‘lgan sudyalarni qayta tayyorlash, shuningdek, davomiyligi ikki haftadan kam bo‘lmagan sudyalar va sudlar apparati xodimlari malakasini oshirish kurslari joriy etildi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sudni tom ma’noda “Adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirish, inson taqdirini hal etishda sudyalarning ongida – adolat, tilida – haqiqat, dilida esa poklik ustuvor bo‘lishi lozimligini ta’kidlagan edi. Shundan kelib chiqib, sudyalikka nomzodlarni yangi talablar asosida tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda sudyalikka nomzodlar va amaldagi sudyalarning sud majlisini olib borish ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida “imitatsion sud majlisi zali” tashkil etilib, unga eng so‘nggi rusumdagi texnika anjomlari o‘rnatildi. Unda sudyalar va sudyalikka nomzodlarning sud majlisini olib borish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha muntazam dars mashg‘ulotlari o‘tashlari yo‘lga qo‘yildi.

Dars jarayonlarida o‘qitishning interfaol usullaridan (keys-stadi, vebinar, sud protsessi muhokamasi va hokazo) foydalanilib, tinglovchilarning sud hujjatlarini yozish va tayyorlash, sud jarayonini tashkil qilish va olib borish kabi amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirishga asosiy e’tibor qaratildi, ya’ni asosan amaliyotda bajariladigan protsessual harakatlar bo‘yicha amaliy bilimlar berildi.
Respublikamizdagi mavjud pandemik sharoit tufayli Sudyalar oliy maktabida ham ta’lim jarayonlari masofadan turib tashkil qilindi. Jumladan, ilk bor sudyalikka nomzodlarni tayyorlash kurslarida o‘quv yili masofaviy tarzda yakunlandi.
Sudyalar oliy maktabi professor-o‘qituvchilari magistratura tinglovchilariga darslarni masofaviy tashkil qilish uchun video, audio ma’ruza materiallari, multimedia taqdimotlari, nazorat savollarini tayyorladi va joriy yilning 31-martidan barcha yo‘nalishlar bo‘yicha masofaviy darslar tashkil qilindi. Ta’lim jarayonining bunday tashkil qilinishi har bir tinglovchini berilgan topshiriqlarga alohida yondashib, individul tarzda o‘z munosabatlarini bayon qilishga undaydi. Bu tinglovchilarda sudyalik lavozimi uchun zarur ko‘nikma va bilimlar shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Masofaviy darslar sifatini mazmunan boyitish maqsadida kafedralar tomonidan amaliyotchilar bilan ham yaqin hamkorlik o‘rnatildi. Jumladan, tuman (shahar), viloyat va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari ham masofaviy darslarda o‘z tajribalari bilan amaliy mashg‘ulotlarda ishtirok etdi.
Shu bilan birga, karantin davrida tinglovchilarning bo‘sh vaqtlarini samarali tashkil qilish maqsadida masofaviy ma’rifat soatlari ham o‘tkazilib, badiiy kitob o‘qish bo‘yicha ham tavsiyalar berildi va mutolaa qilingan asarlar yuzasidan esse yozish amaliyoti joriy qilindi.
Sudyalar malakasini oshirish jarayonlari ham masofaviy tashkil qilinib, onlayn videokonferensiya aloqa rejimidan foydalanildi. Bunda malaka oshirish jarayonlariga jalb qilingan sudyalar o‘zi faoliyat yuritayotgan sud binosida turib malaka oshirish kurslarida ishtirok etmoqda. Bu sud amaliyotida yuzaga kelayotgan muammolarni o‘zaro muhokama qilish, real vaqt rejimida muloqot qilish imkoniyatini yuzaga keltirmoqda. Bunday malaka oshirish sudyalarning ham vaqtdan unumli foydalanishlariga, ham kasbiy faoliyatida rivojlanishiga xizmat qilmoqda.
Sudyalar oliy maktabida o‘qitishni zamonaviy pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida tashkil etish, interfoal o‘qitish uslublarini ta’lim jarayoniga keng joriy etish maqsadida o‘ndan ortiq xalqaro tashkilot va xorijiy davlatlar ta’lim muassasalarining vakolatxonalari bilan ilmiy-amaliy, o‘quv-uslubiy, axborot almashinuv, moddiy-texnik sohalarda hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Xususan, Rossiya, Qozog‘iston, Kanada, AQSH, Ukraina, Gruziya va boshqa davlatlarning sudyalar tayyorlashga mas’ul muassasalari bilan hamkorlikda ish olib borilmoqda.

Eldor QURBONOV,
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi bosh mutaxassisi