Gʻafur Gʻulom ko‘krak nishoni o‘z egalariga topshirildi


Yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitish, mutolaaga oshno etish va adabiyotga hurmatini oshirish maqsadida Toshkent davlat yuridik universiteti Gʻafur Gʻulom nomidagi ko‘krak nishonini ta’sis etgandi. Kuni kecha mukofot ilk bor tantanali tarzda o‘z egalariga topshirildi.
Ko‘krak nishoni bilan birinchilardan bo‘lib Gʻafur Gʻulom uy-muzeyi direktori Olmos Ahmedova hamda muassasaning ilmiy xodimi Lutfulla Ilhomjonov taqdirlandi.
Adiblar xiyobonida o‘tkazilgan tadbirda TDYU rahbar xodimlari va professor-o‘qituvchilari, adabiyotshunos olimlar, talabalar ishtirok etdi. Mehmonlar Gʻafur Gʻulom haykali poyida to‘planib, ulug‘ adib xotirasiga hurmat bajo keltirdi. Shoirning adabiy merosi va ibratli hayot yo‘lini chuqur o‘rganishga doir fikrlar bildirildi.
Gʻafur Gʻulom ijodini keng targ‘ib etish hamda xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha Toshkent davlat yuridik universiteti tomonidan qilinayotgan ishlar alohida e’tirof etildi. Jumladan, oliygohda Gʻafur Gʻulom xonasi tashkil etilmoqda. Gafurgulommerosi.uz sayti ishga tushirildi. Tez orada adib haqida hujjatli film suratga olinib, uning shu kungacha e’lon qilinmagan asarlaridan iborat to‘plam nashr etiladi.
Toshkent davlat yuridik universiteti va Gʻafur Gʻulom uy-muzeyi o‘rtasida memorandum imzonlangani ham o‘ziga xos voqelikdir. Unga ko‘ra, universitet muassasani otaliqqa oldi. Ayni vaqtda hamkorlikda uy-muzeyning 3D formatidagi ko‘rinishini yaratish ustida ish olib borilmoqda.

— Bunday tashabbus Gʻafur Gʻulomni jahon uzra tanitishga yordam beradi, — qayd etdi uy-muzey direktori Olmos Ahmedova. — Yurtimizda otamning ijodiga yuksak e’tibor qaratilayotganidan bag‘oyatda xursandman. Bugun ko‘ksimga taqilgan Gʻafur Gʻulom nomidagi ko‘krak nishoni qalbimni faxrga to‘ldirdi. Ezgu sa’y-harakatlari uchun Toshkent davlat yuridik universiteti jamoasiga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Eslatib o‘tamiz, Gʻafur Gʻulom nomidagi ko‘krak nishoni bilan o‘qish va ijodda faol talabalar hamda TDYU professor-o‘qituvchilari taqdirlanadi. Istisno tariqasida mukofot hamkor tashkilotlar vakillariga ham berilishi mumkin. Ko‘krak nishoni sohiblari uchun bazaviy hisoblashning uch baravari miqdorida pul mukofoti ko‘zda tutilgan.

Toshkent davlat yuridik universiteti
Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi