Davlat tilining nufuzini oshirishdagi harakatlar

Milliy tilning yuksak maqomga erishishi millatning barhayotligini ta’minlovchi, xalqning qadr-qimmati, asl qiyofasi va oʻzligini ko‘rsatuvchu muhim omildir. Bu borada davlatimiz tomonidan hozirgi kunda qator islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil 21-oktabrdagi «O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi farmoni buning yorqin ifodasidir.
Farmonning ijrosini taʻminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti Xalq taʼlimi vazirligi bilan hamkorlikda taʻlim tizimida faoliyat yuritayotgan, yangi pedagogik texnologiyalardan unumli foydalangan holda o‘ziga xos dars o‘tish mahoratiga ega ona tili va o‘zbek tili fani o‘qituvchilari oʻrtasida «O‘zbek tili bo‘yicha eng yaxshi videodars» uslubiy-ijodiy ishlar tanlovini eʼlon qildi. Tanlov 2020-yilning 20-avgustidan 20-oktabrgacha o‘tkazilmoqda.
Tanlov mamlakatimizda o‘zbek tilining ona tili va davlat tili sifatida oʻqitilishi boʻyicha ilgʻor pedagogik faoliyatni keng targʻib etish hamda o‘zbek tilining nufuzini oshirish, yurtimizda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga, adabiy til meʼyorlariga rioya etilishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Ona tili va oʻzbek tili oʻqituvchilarining zimmasiga katta masʼuliyat yuklangan. Bu millat taqdiriga daxldorlik, yuksak ijtimoiy faollikni, sogʻlom raqobat, vatanparvarlik, jonkuyarlikni talab etadi. Shuningdek, ustozlarga ona tili (oʻzbek tili) oʻqitish metodikasini takomillashtirish, oʻqitish boʻyicha ilgʻor pedagogik faoliyatni keng targʻib etgan holda ommalashtirish, milliy qadriyatlarimiz qatorida tilimizni asrash, chuqur va mukammal o‘rgatish kabi vazifalar yuklanadi. Bu masʼuliyatli vazifani amalga oshirishda farzandlarimizga taʼlim-tarbiya berib kelayotgan har bir ustoz-murabbiyning oʻrni beqiyos.

Iroda BAKIROVA,
Xalq ta’limi vazirligi tasarrufidagi PMTIDUMning oʻzbek tili fani oʻqituvchisi