“Qo‘rqunch bir jasorat”

Abdulla Qodiriyning ikkinchi romani “Mehrobdan chayon” adabiyotimiz bostonida alohida ahamiyat kasb etadi. Romanda odamiylikda tengsiz Mirzo Anvarni, husnu-tarovatda Alisher Navoiyning Shirinidan kam bo‘lmagan Ra’noni, chin do‘stlikni hamma narsadan ustun qo‘yuvchi Safar bo‘zchini uchratamiz. Adib “O‘tkan kunlar”da bosh qahramonlar tasvirini o‘z chizgilari orqali bergan bo‘lsa, “Mehrobdan chayon”da muallif san’atkorona tarzda chizgilarni boshqalar tilidan beradi. Muallif tasvirida Mirzo Anvar deganda do‘mboqqina yigitni ko‘z oldingizga keltirasiz.
Mana, o‘sha tasvirlardan biri. Xon kanizaklaridan biri Nozik Gulshanga Mirzo Anvarni uchratganini hikoya qiladi: “– O‘zi qanday yigit deb so‘ra: surma qo‘ygandek ohu ko‘zi bor, qizil olmadek tarang yuzi bor, endi chiqib kelgan ko‘k maysa mo‘ylobi. Roziya xonimnikidan ham nafisroq qalin qoshi… Ustiga kiygan beqasam to‘ni o‘ziga shunday yarashganki… biz qizlar ixtiyorsiz unga qarashdiq…”.

Kambag‘al oiladan chiqqan Anvar hech qachon o‘zligini yo‘qotmaydi. Devonxona sarmunshiysi lavozimigacha ko‘tarilgan bo‘lsa ham kamtarin bo‘lib qoladi. Bundan tashqari, oddiy xalq bilan avvalgidek muomala qiladi. Davlat boshqaruvi tizimida faoliyat yurituvchilar Mirzo Anvardan ko‘p narsani o‘rganishi mumkin. Ayniqsa, oddiy fuqarolar bilan muloqot qilishni va dardini oxirigacha tinglab, mushkulini oson hal qilishni.
Asarda voqea-hodisalarning keskin rivoji Mirzo Anvarni xonga qarshilik qilishga undadi. Xudoyorxon va uning gumashtalari Mirzo Anvardek itoatgo‘y amaldorni xon istibdodiga qarshi bosh ko‘tarishga majbur qiladi. Mirzo bu tahqirga ko‘nib, murosa yo‘lini tanlay olmas edi. Chunki u bunday ruhda tarbiya topmagan. O‘z bilimi va ilmi hamda shaxsiy fazilatlari bilam shu darajaga yetishgan edi.
Shu yerda Mirzoning Xudoyorxon bilan suhbatidan parcha keltiramiz:
“– Sen bizga xiyanat qilding, it uvli!
Anvar bosh irg‘atdi.
– Iqrorman.
– Tuzimni unutding‘!
– Tonmayman.
– Iqrorsen, tonmaysen, o‘bdan ish! – dedi zaharxanda qilib xon. – o‘lo‘vdan ham qaytmaysan!
– Men sizdan marhamat so‘rab kelgan emasman, – dedi iljayib Anvar. – O‘zimni o‘limga berib, bir gunohsizni qutqazish uchun kelganman.
Hamnishinlar lablarini tishladilar. Xudoyor istehzolik kuldi.
– Pusulmonchiliq qig‘ansan-da?
– Albatta, – dedi Anvar, – boshqalar kishi gunohi uchun gunohsizni tutib pusulmonchiliqdan chiqqach, men pusulmonliq bilan o‘lishni o‘bdan bildim.
Bu javob Xudoyorni qip-qizil tuska qo‘yib, manglayida terlar ko‘rindi, g‘azab o‘ti alanga oldi.
– Sening qig‘an ishing pusulmonchiliqda bormi, it uvli?
– Musulmonchiliqda yuzlab xotin ustiga, bir kambag‘al uylanmoqchi bo‘lg‘an qizg‘a ham zo‘rlik qilish bormi, qiblai olam”…

Ko‘rinib turibdiki, Anvar raqibidan ma’nan ustun, garchi raqib xon bo‘lsa ham. Bu nimadan dalolat beradi? Adolat yo‘lida hech kim Anvarni yengolmaydi. U do‘stini qutqarish uchun o‘zini jallod qo‘liga topshiradi. Bu voqea muallif tomonidan go‘zal yo‘sinda tasvirlab berilgan: “…o‘rda arbobi bu kun peshindan bir oz ilgariroq mujassam bir vijdon, tog‘yurak bir yigit va o‘lim sari kulib kelguchi bir arslonni o‘z tarixida birinchi martaba ko‘rdi va tong ajabda qoldi. Bu ulug‘ jasorat bir necha daqiqalarg‘acha zulm itlarini sukutka soldi, ularni ishdan to‘xtatdi. O‘rda arboblarining mahkamada o‘lturganlari eshik yonig‘a chiqib, yo‘lda borg‘anlari harakatsiz qolib, parvosiz har kim yonidan salomlashib o‘tkuchi arslonni tamosha qildilar…”
Muqarrar o‘limga o‘zini topshirish favqulodda jasorat talab qiladi. Muallif ta’biri bilan aytganda “qo‘rqunch bir jasorat” kerak bo‘ldi. Adib zamondoshlariga ta’kidlab qo‘ymoqchidek: “Mustabid tuzum zulmni qanchalik kuchaytirmasin, o‘zlikni anglash, hurriyat va erkinlikka intilish shunchalik kuchli bo‘ladi”.

To‘lqin SAYDALIYEV,
Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti dotsenti, iste’fodagi podpolkovnik,
Indira YOQUBOVA,
o‘qituvchi,
Guljazira UTENBAEYVA,
o‘qituvchi.