Hamkorlikda targ‘ibot o‘tkazilmoqda

Koronavirus yuqishining oldini olish, undan himoyalanish va vahimaga berilmasdan karantin qoidalariga qat’iy amal qilish salomatligimizni asrashda asosiy omil hisoblanadi.
— Hozir hammamiz bir sinov bilan yuzma-yuz turibmiz, — deydi Yoshlar ishlari agentligi Navoiy viloyat boshqarmasi xodimi Laziz Qayumov. — Bundan, albatta, birdamlik va tartib-intizom bilan o‘tamiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Xalqimiz o‘z tarixida qanday og‘ir tabiiy ofatlarni ko‘rgan bo‘lmasin, Qodir Ollohning marhamati bilan, o‘zining kuch-qudrati, vazminligi va donishmandligi orqali ularning barchasini yengib o‘tgan. Men ana shunday mard va matonatli, mehr-oqibatli xalqimizning aql-zakovatiga, uning metin irodasi va qat’iyatiga to‘la ishonaman”, deb ta’diklagandilar. Bu borada agentlik ham o‘z tashabbuslarini viloyat miqyosida ilgari surib, sog‘lom turmush tarsi targ‘ibotiga hissa qo‘shmoqda. Kasallikning oldini olish va tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik o‘zimizga, vaziyatni to‘g‘ri tushunishimizga bog‘liq.

Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi, viloyat Ichki ishlar, Milliy gvardiya boshqarmalari hamkorligida tushuntirish-targ‘ibot ishlari tashkil etildi. Jamoat joylarida karantin talablariga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashish, aholi gavjum joylarda fuqarolarga bepul tibbiy niqob va qo‘lqoplar tarqatish, pandemiya davrida koronavirus kasalligining oldini olish, karantin talablariga rioya etish yuzasidan maxsus tayyolangan targ‘ibot materiallari tarqatilmoqda.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda karantin talablari yumshatilganligi bilan hali kasallik xavfi kamaymaganligini xalqimizga to‘g‘ri tushuntirishdan iboratdir. Bu kabi loyiralar viloyatning barcha tuman va shaharlarida tashkil etilmoqda.

Ro‘ziqul OCHILOV