«ONLINE» TA’LIM: osonmi, qiyinmi?

COVID-19 pandemiyasi butun dunyoda ta’lim tizimi, o‘quvchi va o‘qituvchilar faoliyatiga keskin ta’sir ko‘rsatdi. Mana, yangi o‘quv yili boshlanib, farzandini maktabga yuborish yoki uyda «online» o‘qishini qo‘llab-quvvatlash istagidagi ota-onalar guruhi paydo bo‘ldi. Tanlov har kimning o‘ziga havola. Ikkala holatda ham o‘quvchi sinfi doirasidagi bilimlarni o‘zlashtirishi, qo‘pol qilib aytganda, savodsiz bo‘lib qolmasligi kerak.
Biz ikkala shakldagi ta’limning o‘ziga xosliklarini o‘rganishga harakat qildik.

“Dars tayyorlamasam, nima bo‘ladi?”
Yangi ta’lim formati mustaqil ta’lim olishga ishtiyoqi bor, mavzuga doir yangi bilimlarni qiyinchiliksiz qabul qiladigan bolalar uchun qulay. Ular «online» darslarni kuzatadi, tushunadi, qo‘shimcha adabiyotlardan foydalana oladi, vazifalarni tayyorlaydi va o‘qituvchisiga yuboradi. Ammo hamma bolada ham jarayon bunday oddiy va oson kechmaydi.

«Online» darslar kuzatilayotganda qulay ish joyi tanlanishi muhim. Stolning balandligi bola uchun qulay bo‘lishi, diqqatni jamlashga xalaqit beradigan boshqa darslik va daftarlarni yig‘ishtirib qo‘yish kerak.
«Online» darslar sinfdagidek savol-javob shaklida bo‘lmagani uchun ba’zi narsalar o‘quvchiga tushunarsiz bo‘lishi tabiiy hol. Bu bolaning hafsalasini pir qilmasligi kerak. O‘zlashtirmagan ma’lumotini qoralama varaqqa yozib borsa, darsdan so‘ng o‘qituvchi bilan bog‘lanishi yoki ota-ona yordamida o‘rganib olishi mumkin. Uy vazifasini bajarayotganda esa o‘quvchi uyali telefoniga chalg‘imasligi, darslar tugagach, darhol vazifalarni bajarishga kirishgani ma’qul. Bunda o‘tilgan darslarga doir barcha muhim ma’lumotlar xotirada saqlanadi. Uy vazifani soat 15.00 dan 16.00 gacha bajarish tavsiya etiladi – bu vaqt eng samarali hisoblanadi.
Vazifalarni shoshilinch va muhimlik darajasiga ko‘ra ajratish, bajarishni qiyinroq va ko‘proq diqqat talab qiladigan topshiriqlardan boshlash muhimdir. Shundan so‘ng osonroq, ko‘ngilochar vazifalarga o‘tish mumkin.
Dam olishni unutmang! Qisqa tanaffuslar uy vazifalarini yanada samarali bajarishga yordam beradi. Vaqtni boshqarish bo‘yicha mutaxassislar “20 daqiqa ish va 5 daqiqa dam olish” tartibida ishlashni tavsiya etadi.

Elektron formatda o‘qituvchini qanday qiyinchiliklar kutmoqda?
Eng katta muammo bu o‘quvchilarning faolligi. Qanday qilib ularning barcha darslarda qatnashishi va o‘tilganlarni yozib olishiga erishish mumkin? «Online» darslarning ham samarali bo‘lishida o‘qituvchi har bir o‘quvchi bilan qayta aloqaga chiqishi yoki elektron platformadan (masalan, “zoom”) foydalanib, dars o‘tishi, vazifalarni nazorat qilishi muhim o‘rin tutadi.
Kompyuter yoki televizor oldidagi «online» dars hali odat tusiga kirmagani uchun o‘quvchilarning mashg‘ulotlarni to‘liq kuzatishini nazorat qilish ham o‘qituvchiga mas’uliyat yuklaydi.
Ammo «online» format qo‘shimcha qulayliklarni taqdim etishini ham tan olishimiz kerak. Masalan, darslar oralig‘ida mavzu bo‘yicha qisqa videoni namoyish etish mumkin.

Masofaviy ta’limda o‘quvchilar bilan qayta aloqani saqlab qolish shart, shundagina bola o‘zining doimiy nazoratda ekanligini his etadi. Agar o‘quvchi materialni takrorlasa va uy vazifasini bajarsa, demak o‘qituvchining mehnati zoye ketmabdi.
Sinf rahbarining kechki payt kun bo‘yicha hisobot tayyorlab, har kuni o‘quvchilar e’tiboriga havola etishi ham har bir bolaning bajarayotganlari inobatga olinayotganini bildiradi. Harakat qilayotganlarni rag‘batlantirish yoki sust o‘quvchilarni tanqid qilish o‘quvchi mas’uliyatini oshiradi.

Hamma mas’uliyat ota-onalarda
«Online» ta’lim ota-onalardan katta mas’uliyat talab etadi. Sababi, endi bolaning darslari kuni uzaytirilgan guruhlarda yoki repetitorlar yordamida tayyorlanmaydi. Balki nazorat va yo‘naltirish ota-ona zimmasida bo‘ladi. Hurmatli ota-onalar, siz farzandingiz yuqumli kasalliklarga chalinmasligini qanchalik xohlasangiz, kundalik darslarni bajarishini va o‘quv dasturidan ortda qolmayotganini nazorat qirlishingiz uchun ham shunchalik javobgar ekanligingizni unutmang. Endi maktabning mas’uliyati vaqtinchalik o‘zingizda ekanligini his eting va bola uchun vaqt ajrating.
Elektron jurnalga farzandingiz uchun qo‘yilayotgan baho, avvallari maktab natijasi uchun xizmat qilgan bo‘lsa, endilikda sizning bahongiz sifatida aks etayotganini unutmang. Siz yoshligingizda maktabda yaxshi o‘qigan bo‘lishingiz mumkin, lekin endi hayot maktabida ham ijobiy baholar olish ancha murakkab va siz bunga qodirsiz!
“Darsingni tayyorladingmi?”, “O‘qituvchiga yubordingmi?”, “Hech kimdan ko‘chirmadingmi?” kabi savollar bolani nazorat qilishga kirmaydi, balki uning nazoratsizligini bildiradi. Uning o‘rniga bola bilan birga darslarni ko‘rish, shu paytda mobil aloqa vositasidan umuman foydalanmaslik, dars tayyorlash jarayonida birga bo‘lish, qiyin vazifalarga birgalikda yechim izlash, javoblarni o‘qituvchiga yuborish va olingan baho bilan qiziqish farzandingizga ruh bag‘ishlaydi, sizning u bilan ekanligingizdan ilhomlanadi. Ishlaydigan onalarda bunday imkoniyat kam bo‘lishi mumkin, biroq uydagi kattalar bu vazifaga jalb etilishi zarur.

Uyga vazifani nazorat qiling
Zamonaviy bolalarni qo‘rqitish natija bermaydi, chunki ular yomon baholardan qo‘rqmaydi. Faqat ularga motivatsiya natija beradi.
Uy vazifasining maqsadi baho olish uchun emas, balki yangi narsalarni o‘rganish uchunligini bolaga tushuntirolsak, u topshiriqlarni mustaqil bajarib, muntazam ravishda o‘qituvchisiga yuborishga odatlanadi.
5-8-sinflarda uy vazifasini tayyorlash kuniga o‘rtacha 1,5 soat, yuqori sinf o‘quvchilari uchun esa 3 soatgacha davom etadi. Tartibga qat’iy rioya etilsa, bolalarning sport bilan shug‘ullanishi va ijod qilishi uchun ham vaqt qoladi.
Agar uy vazifalari murakkablik qilsa, aloqa vositalari yordamida ustozdan yordam so‘rash mumkin. U yechimni aytmaydi, balki bolaning fikrini to‘g‘ri yo‘naltiradi.
Ko‘pincha o‘quvchiga akademik topshiriqlar emas, balki mini-loyihalarni bajarish yoqadi. Olaylik, ingliz tilidagi sevimli she’rini o‘qishini so‘rash mumkin. Bolalar o‘zlarining ovozini eshitishga odatlanmagan va ba’zida ular buning uchun bir necha marta she’rni yozib olishadi. Bu talaffuz va diksiyani mashq qilishning yaxshi usuli. Bu vazifa bolalarga juda yoqadi.
PS: Umuman olganda an’anaviy ta’limdan farqli o‘laroq, o‘qitishning «online» formatiga moslashishni vaziyat taqozo etmoqda. Qanday sharoit bo‘lmasin? bolalarimiz o‘qishi va maktab dasturlarini o‘zlashtirishi shart. Bunda hech kimning mas’uliyatsizligi kechirilmaydi!

Nasiba ERXONOVA,
Chirchiq davlat pedagogika instituti magistranti